Germaniya va O‘zbekiston AKT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov 20 ta nemis va Yevropa kompaniya hamda tashkilotlarining 32 nafar vakilidan iborat Yevropa biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi boshqaruvchi direktori Mixael Xarms boshchilik qildi.

Tashrif AKT sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga qaratilgan bo‘lib, tomonlar sheriklikni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga tayyorliklarini bildirdilar. Delegatsiya tarkibiga “DB Engineering & Consulting GmbH”, “Crowe TAC”, “4iG”, “Telc GmbH” kabi yetakchi nemis va Yevropa kompaniyalari kirdi.

Uchrashuv doirasida tomonlar IT Park Uzbekistan va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va kelajakdagi hamkorlik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilash masalalarini muhokama qildilar. Delegatsiya Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasida AKT sohasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi (Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft) Germaniya va Yevropa Ittifoqining yetakchi kompaniyalarini birlashtirgan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun Yevropaning asosiy platformalaridan biri. Qo‘mita Markaziy va Sharqiy Yevropa bozorlarida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va strategik loyihalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, delegatsiya uchun IT Park Uzbekistan’da taqdimot tashkil etildi. Unda mehmonlar milliy IT-ekotizimi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, infratuzilma va O‘zbekistonda ofislar hamda R&D-markazlarini ochish imkoniyatlari bilan tanishdilar. Tashrif ishtirokchilari IT Park’ning yirik rezident kompaniyalari — “Uzinfocom”, “EPAM Systems” va “Realsoft” vakillari bilan uchrashdilar. Bu esa mehmonlarga mamlakatda IT-sanoatni rivojlantirishning amaliy misollarini o‘rganish va tajriba almashish imkonini berdi.

Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston bozorining yuqori salohiyati, malakali kadrlar mavjudligi va mahalliy raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanayotganini ta’kidladilar. Bir qator kompaniyalar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va O‘zbekiston bozorini yanada chuqurroq o‘rganishga qiziqish bildirdilar.

O‘tkazilgan uchrashuvlar IT Park Uzbekistan’ning xalqaro nufuzini oshiradi hamda Yevropa investitsiyalarini jalb qilish, texnologiyalar transferi va o‘zbek IT-xizmatlari eksport geografiyasini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Germaniya delegatsiyasining tashrifi O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan raqamli rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

2025-11-27