Turkiyaga amaliy tashrif doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya “Teknasyon” kompaniyasining moliyaviy direktori Onur Kurugol boshchiligidagi jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Teknasyon — noyob dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan Turkiyaning istiqbolli IT-kompaniyasidir. Kompaniyaning asosiy e’tibori raqamli mahsulotlar va xizmatlarni, asosan mobil platformalar uchun yaratishga qaratilgan. 2023-yilda kompaniyaning yillik aylanmasi 80 million dollardan oshdi. Kompaniya arsenalida “GetContact”, “eSIMio”, “Desk360” va boshqa mashhur mahsulotlar mavjud.
Muzokaralar davomida IT Park vakillari O‘zbekistonda biznes yuritishning afzalliklarini taqdim etib, mamlakatda IT-kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ta’kidladilar. Xususan, bu ko‘p sonli oliy ma’lumotli va ko‘p tilli inson kapitalidir. Masalan, mehnatga layoqatli yoshdagi 21 million aholidan 1 milliondan ortig‘i turk tilini, 5 milliondan ortig‘i esa ingliz tilini erkin biladi. Bundan tashqari, har yili IT-iste’dodlar bozori 125 mingdan ortiq IT-oliy ta’lim muassasalari va kasbiy tayyorgarlik kurslari bitiruvchilari hisobiga kengaymoqda.
Shuningdek, turk kompaniyasiga O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan boshlangan “Zero Risk”, “Softlanding” va boshqa ko‘plab qo‘llab-quvvatlash dasturlari taqdim etildi. Bu dasturlar operatsion xarajatlarni optimallashtirish imkonini berib, moliyalashtirishni faqat biznesni kengaytirish va o‘sishga yo‘naltirishga imkon yaratadi.
Hamkorlikdagi navbatdagi qadam sifatida kompaniyaning O‘zbekistonga tashrifi belgilandi. Bu tashrif davomida kompaniya mamlakatning jadal rivojlanayotgan bozori, mahalliy mutaxassislar va keng infratuzilma bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu O‘zbekistonning texnologik sektoridagi o‘sish salohiyatini, shuningdek, xalqaro kompaniyalarning qiziqishi ortib borayotganini yana bir bor ta’kidlaydi. Bu esa o‘z navbatida mahalliy mutaxassislar uchun yangi yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish va ularning ham kasbiy o‘sishi, ham jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi.
2024-09-05