Godoba O‘zbekistonda ofisini ochdi

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad KuchkarovGodoba” kompaniyasi bosh direktori Ra’ad al-Abri va “Almatar” loyihalarni boshqarish ofisi direktori Yamen Salim Said bilan uchrashuv o‘tkazdi. “ICT WEEK 2025” yakuniga ko‘ra, “Godoba” kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z ofisini ochdi. Uchrashuv davomida tomonlar mahalliy IT-ekotizimni rivojlantirish doirasida uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Godoba — 2017-yilda asos solingan korporativ va sayyohlik xizmatlari sohasidagi xalqaro onlayn platforma. Kompaniya 150 nafarga yaqin xodimni o‘z ichiga oladi va Dubay (BAA) hamda Maskat (Ummon) shaharlarida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning yillik daromadi taxminan 10 million dollarni tashkil etadi. “Godoba” IoT kabi innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda biznes va davlat tashkilotlari uchun B2B va B2G-yechimlarini taqdim etishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning hamkorlari orasida Saudiya Arabistonining Almatar kabi yetakchi mintaqaviy o‘yinchilar mavjud.

Almatar — 2019-yilda tashkil etilgan va Ar-Riyodda joylashgan bo‘lib, xususiy va korporativ mijozlar uchun aviachiptalar, mehmonxonalar va qo‘shimcha xizmatlarni qulay bron qilishni taklif etuvchi onlayn sayohat texnologik platformasi. Bugungi kunda 50 million dollarga yaqin daromadga ega (Apollo ma’lumotlariga ko‘ra) va 800 nafar xodimni o‘z ichiga olgan kompaniya o‘z faoliyatini Saudiya Arabistonidan tashqariga, xususan, Misr va Hindiston bozorlariga faol ravishda kengaytirmoqda, shuningdek, Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlariga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Uchrashuvda “Godoba” va “Almatar” vakillari O‘zbekistonni kompaniyani yanada kengaytirish uchun istiqbolli bozor sifatida ko‘rayotganlarini ta’kidladilar. Mahalliy startap ekotizimi bilan integratsiyalashish, sohaga oid tadbirlarni birgalikda tashkil etish va raqamli xizmatlar sohasida tajriba almashish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar hamkorlikning kelgusi rejalarini ham muhokama qildilar. “Godoba” allaqachon o‘z korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazgan va xodimlarni faol yollashga tayyorlanmoqda. Hamkorlar “UzOman” bilan birgalikda investitsiyalarni jalb qilish va Markaziy Osiyo bozorlarida faoliyatni kengaytirish niyatida.

Shuningdek, noyabr oyida Ummonga bo‘lajak tashrif mavzusiga ham to‘xtalib o‘tildi, bu esa uchrashuvlar o‘tkazish va sheriklik aloqalarini mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Yakunda tomonlar qo‘shma loyihalar tafsilotlarini muhokama qilish uchun takroriy uchrashuv tashkil etishga kelishib oldilar.

“Godoba” bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun raqamli turizm sohasida yangi imkoniyatlar ochadi, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytiradi va mintaqadagi IT-xizmatlar va onlayn servislar bozorida mamlakatning mavqeini mustahkamlaydi.

2025-10-06