Gulistonda IT-Parkning birinchi filiali ochilmoqda

2020-yil 5-fevral kuni IT-Park direktori Farhod Ibragimov va IT-Park qoshidagi “IT Centers” direktori Nodir Alibekov Sirdaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Anvar Karimov va Sirdaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Jahongir Ibrohimov bilan uchrashdilar.

Uchrashuvda IT-Parkning Guliston shahrida Samarqand koʻchasida qad rostlayotgan boʻlajak filiali kontsepsiyasi muhokama qilindi. Shunisi eʼtiborga loyiqki, obyektning maydoni 1800 kvadrat metrni tashkil etadi va bu oʻz navbatida mintaqada 120 dan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratadi.

Ikki qavatli binoda kovorking markazi, konferensiyalar zali, tadbirlar zali, laboratoriya, media-studiya, maʼruzalar oʻtkaziladigan xonalar, kibersport va robototexnikalar uchun moʻljallangan xonalar, IT-Markaz va boshqa koʻplab xonalar joylashadi.

Binoning qurilishi joriy yilning fevral oyida yakunlanishi rejalashtirilmoqda.

2020-02-07