Oʻzbekiston IT-sanoati shiddat bilan rivojlanishda davom etayotgan bir paytda, mintaqaviy startaplarni qoʻllab-quvvatlash asosiy yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda. Shu maqsadda IT Park, “IT Bilim” va “IT Park Ventures” vakillaridan iborat delegatsiya Andijon, Namangan va Fargʻonaga tashrif buyurib, u yerdagi tadbirkorlar va investorlar bilan bir qator strategik uchrashuvlar oʻtkazdi.
Tashabbusning bosh maqsadi moliyalashtirish, ekspert koʻmagi va taʼlim dasturlariga kirishni taʼminlash orqali texnologik biznesni rivojlantirish uchun samarali ekotizimni yaratishdir. Tashrif doirasida “IT Park Ventures” direktori Azamat Karamatov va “IT Bilim” rahbari Farrux Rasulev mahalliy tadbirkorlar bilan loyihalarni kengaytirish istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish va innovatsion yechimlarni tatbiq etish masalalarini muhokama qildilar.
Hududlarni rivojlantirish — muvaffaqiyat poydevori
Safardagi asosiy manzillardan biri Andijon boʻldi. U yerda “IT Bilim” va “IT Park Ventures” vakillari ishtirokchilarga “Bilgi.uz” taʼlim platformasi, maqsadli kreditlar dasturi, “Zero Risk” tashabbusi va “IT Park Ventures” venchur fondi tomonidan investitsiyalarni jalb qilish hamda startaplarni rivojlantirishda koʻrsatiladigan yordam choralari haqida maʼlumot berdilar. Ushbu vositalar IT-tadbirkorlarga oʻz biznesini muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun zarur resurslar va bilimlardan foydalanish imkonini beradi.
Tashabbusning davomi sifatida IT Park delegatsiyasi fargʻonalik startapchilar va texnopark rezidentlari bilan uchrashdi. Mablagʻ topish, oʻsish strategiyalarini ishlab chiqish va xalqaro bozorlarga chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Safarning yakuniy bosqichi Namanganda boʻlib oʻtdi. U yerda mahalliy biznes hamjamiyati va IT-startaplar vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Ishtirokchilar oʻz loyihalarini taqdim etib, strategik rivojlanish boʻyicha qimmatli maslahatlar oldilar hamda dolzarb qoʻllab-quvvatlash dasturlari bilan tanishdilar. Muhokama qilingan mavzular orasida IT-biznes uchun maqsadli kreditlar, eksportchilar uchun “Zero Risk” tashabbusi va “IT Park Ventures” tomonidan taqdim etiladigan investitsiya imkoniyatlari bor edi.
Startaplarni qoʻllab-quvvatlash — kelajakka sarmoya
Bunday tashabbuslar nafaqat mahalliy biznesni rivojlantirishga hissa qoʻshadi, balki butun mamlakat miqyosida barqaror texnologik ekotizimni shakllantiradi. IT Park startaplar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularga sarmoyalarni topish, mahsulotlarni rivojlantirish va jahon bozorlariga chiqishda koʻmaklashish ustida faol ishlashni davom ettirmoqda.
Hududlarni rivojlantirish nafaqat strategik vazifa, balki milliy iqtisodiyot oʻsishining hal qiluvchi omilidir. Bugungi kunda IT-tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekistonning innovatsion kelajagiga qoʻyilgan sarmoyadir.
2025-03-08