“ICTWEEK 2024”da IT Park: yilning eng muhim IT-tadbiridagi asosiy natijalar

Oʻtgan hafta bu yilning eng yirik IT tadbiri — “ICTWEEK 2024” boʻlib oʻtdi. Unda IT Park Uzbekistan faol ishtirok etib, xalqaro koʻrgazma qatnashchilariga mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan IT sohasini yaqindan tanish imkoniyatini yaratdi.

IT Park Uzbekistan “ICTWEEK 2024” doirasida 8 ta tadbir tashkillashtirdi. Ularda jami 1100 dan ortiq kishi, shu jumladan 51 mamlakatdan kelgan 250 dan ziyod xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. “Xsolla”, “CRIF “, “SummitNext” singari dunyo miqyosidagi yetakchi kompaniyalar bilan 40 dan ortiq uchrashuv oʻtkazildi. Bu muzokaralar Oʻzbekiston orqali global biznesini kengaytirishdan manfaatdor boʻlgan xorijiy kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Buning natijasida 14 ta kompaniya mamlakatimizda oʻz yuridik shaxslarini roʻyxatdan oʻtkazdi, yana 13 ta kompaniya esa Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini boshlash arafasida turibdi. Ushbu kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘ygandan so‘ng bir yil ichida 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirmoqda.

Ushbu kompaniyalarning jami eksport salohiyati 30 million dollardan ortiq baholanmoqda, bu esa O‘zbekistonning jahon IT bozoridagi mavqeyini sezilarli darajada mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar bilan 5 ta hamkorlik memorandumi imzolandi. Ular orasida “Astana Hub” texnoparki bilan tuzilgan alyans ham bor boʻlib, bu har yili 30 ta startapni xalqaro akseleratsiya dasturlariga yuborish imkoniyatini yaratadi.

“Startup Pitch” va “Investor’s Room” kabi tashkil etilgan tadbirlar hamda “President Tech Award” hakatoni tufayli, sessiyalar davomida olingan tasdiqlangan investitsiyalarning umumiy miqdori 640 000 AQSh dollariga yetdi.

Endi barchasini batafsil koʻrib chiqamiz.

Oʻzbekiston — global autsorsing markazi (Shared Services & Offshore Outsourcing Conference)

“ICTWEEK” doirasida IT Park Uzbekistan jamoasi tomonidan ikki kunlik “Shared Services & Offshore Outsourcing Conference” tashkil etildi. Tadbir 47 mamlakatdan 350 dan ortiq ekspert va biznes vakillarini birlashtirgan noyob maydonga aylandi. Ushbu tadbirning maqsadi IT-kompaniyalar uchun yaratilgan betakror sharoitlar va davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash tufayli Oʻzbekistonning global autsorsing markazi sifatidagi imkoniyatlarini namoyish etishdan iborat edi.

Tadbir dasturida Oʻzbekistonning autsorsing xabi sifatidagi afzalliklari taqdimoti, shuningdek, “EY” bilan hamkorlikda “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi taqdimoti oʻtkazildi. Bundan tashqari, IT Parkʼning xorijlik rezident-eksportchilari mamlakatda operatsion faoliyat yuritishning muvaffaqiyatli tajribasi va kompaniyalarni ishga tushirish jarayonlari bilan oʻrtoqlashib, biznes yuritishning qulayligi va Oʻzbekistondan yangi bozorlarga kirishning soddalashtirilganligini taʼkidladilar.

“Shared Services & Offshore Outsourcing Conference” tadbirining ikkinchi kuni Oʻzbekistonda autsorsing faoliyatini rivojlantirish bilan bogʻliq boʻlgan kompaniyalar va taʼlim muassasalariga seminarlar va tashriflar bilan toʻldirildi. Seminar davomida ekspertlar va tadbirkorlar Markaziy Osiyo orqali global biznes yuritish imkoniyatlarini muhokama qildilar. IT Park Uzbekistan vakillari konferensiya mehmonlariga huquqiy, moliyaviy va boshqa maʼmuriy masalalar boʻyicha batafsil maslahatlar berdilar.

“EPAM”, “IT Park University”, Toshkentdagi Inha universiteti, “Vention” va boshqa koʻplab kompaniyalar hamda taʼlim muassasalari “ICTWEEK” mehmonlari uchun oʻz eshiklarini ochdilar. Ushbu maydonchalarda tashrif buyuruvchilar tashkilotlar faoliyati bilan tanishishlari, IT-mutaxassislarning tayyorgarlik darajasini baholashlari, shuningdek, hamkorlik istiqbollari haqida kelishib olishlari mumkin boʻldi.

Tadbir yakuniga koʻra, AQSh, Niderlandiya, Singapur, Polsha, Portugaliya, Vengriya, Malayziya va Gruziyadan 27 dan ortiq kompaniya Oʻzbekistonda biznesni yoʻlga qoʻyish maqsadida yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish uchun IT Park Uzbekistan kompaniyasining “One Stop Shop” xizmatidan foydalandi.

Ulardan 14 tasi allaqachon roʻyxatdan oʻtishni yakunlagan — AQShdan “RFA” va GameDevHQ, Niderlandiyadan “PARROLABS CA”, Singapurdan “BIPO SILK ROAD”, Gruziyadan “SAITA” va boshqalar. Prognozlarga koʻra, mazkur nlarining umumiy soni 1000 dan oshadi va jami eksport hajmi 30 million AQSh dollariga yetadi.

Hozirgi vaqtda AQSh, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning yana 13 ta kompaniyasi Oʻzbekistonda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish jarayonini olib bormoqda.

Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va “DataVolt” kompaniyasi oʻrtasida qayta tiklanadigan energiyada 10 MVt quvvatga ega maʼlumotlar markazini qurish boʻyicha memorandum imzolanishi ham muhim voqea boʻldi. Ushbu loyiha maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari uchun yangi standartni oʻrnatadi, bu esa maʼlumotlar markazlarining yuqori ekspluatatsion samaradorligi va uzluksiz elektr taʼminotini taʼminlaydi.

Shuningdek, IT Park Toshkent viloyati filiali va “Human & Forest” kompaniyasi oʻrtasida ikki mamlakat oʻrtasida malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash va IT sohasida tajriba almashishga qaratilgan memorandum imzolandi.

Startup & Venture Summit

IT sohasini startaplar, tez rivojlanayotgan kompaniyalar va venchur investitsiyalarisiz tasavvur qilish qiyin. Bu yil ilk bor oʻtkazilgan “Startup & Venture Summit” tadbirida venchur bozorining yetakchi ishtirokchilari, startaplar va ekspertlar oʻzaro bilim almashish va strategik aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun birlashtirildi va bu kelajakda O‘zbekiston startap ekotizimining shakllanishiga ta’sir qiladi.

Sammitda dunyo boʻylab startap asoschilari, tadbirkorlar va investorlardan iborat 200 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbirda startap ekotizimining 30 dan ortiq vakillari, investorlar va venchur fondlari, jumladan “Astana Hub”, “Plug and Play” “Tech Center”, “Sturgeon Capital”, “SABAH.fund”, “Activat.VC”, “MA7 Venture Fund”, “Avestu Capital”, “Aloqa Ventures”, “UC Ventures”, “DOMiNO VC”, “Invest Qatar”, “HIVE” venchur fondi, “KITE Mongolia” va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mintaqasining texnologik salohiyatini rivojlantirish maqsadida IT Park Uzbekistan va “Astana Hub” hamkorligida “Central Asian Innovation Hubs” alyansining ishga tushirilishi eʼlon qilindi. 2024-yil oxirigacha IT Park Uzbekistan va “Astana Hub” 40 ta mintaqaviy startapga oʻzlarining texnologik yechimlarini jahon maydonlarida — “INMerge Innovation Summit” (4 ta startap), “TechCrunch Disrupt 2024” (20 ta startap) va “WebSummit Lisbon” (16 ta startap)da taqdim etish imkoniyatini beradi. 2025-yilda “Draper University”, “Stanford HealthTech” va “Alchemist Accelerator” bilan qoʻshma dasturlar orqali 30 ta mintaqaviy startapni xalqaro darajaga olib chiqish rejalashtirilmoqda.

IT sohasida tadbirkor ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishda yana bir muhim qadam “ICTWEEK” doirasida “Tumaris.Tech” Markaziy Osiyoning uchinchi toʻlqin joriy hamkorlari uchrashuvida qoʻyildi. Biznes-uchrashuvlar hamkorlikni mustahkamlash, loyiha ustida kelgusida ishlash va uni globallashtirishga asos yaratishga qaratilgan edi.

Tumaris.Tech Markaziy Osiyo dasturining hamkori boʻlgan Qozogʻistonning “Activat VC” venchur kompaniyasi bilan uchrashuv yakunida startap ekotizimini rivojlantirish va venchur sarmoyalarini jalb qilish sohasida hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Investorʼs Room

“Investorʼs Room” tadbiri sammitning muhim qismi boʻldi. “Investorʼs Room” formati — bu “Speed Dating” uslubidagi dinamik pitch-sessiyalar boʻlib, ular davomida startapchilar investorlar bilan bevosita aloqa oʻrnatdilar. Tadbirda AQSh, Buyuk Britaniya, Qatar, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekistondan 18 ta venchur fondi ishtirok etdi.

Ekspert komissiyasi tomonidan oldindan tanlab olingan 26 ta startap kengayish bosqichida oʻz loyihalarini taqdim etdi. Taqdim etilgan kompaniyalarning koʻpchiligi jahon akseleratsiya dasturlarida tayyorgarlikdan oʻtgan. “Investorʼs Room” orqali bir qator startaplar oʻz loyihalariga sarmoya jalb qilishga erishdi. “Royal Taxi” va “Platma” startaplarining har biri “AloqaVentures” bilan kelgusida hamkorlik qilish boʻyicha 200 000 AQSh dollari miqdoridagi dastlabki kelishuvga erishdi.

She Loves Tech — Ayollar uchun startap tanlovining mintaqaviy finali

Sammit doirasida Markaziy Osiyodagi texnologiya sohasidagi ayollar uchun eng yirik startap-tanlov — “She Loves Tech 2024” tanlovining mintaqaviy finali ham oʻtkazildi. Finalda Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondan 10 ta startap ishtirok etdi. Loyihalar sunʼiy intellekt, fintex, taʼlim, sogʻliqni saqlash va raqamli iqtisodiyot kabi sohalarda innovatsion yechimlarni taklif qildi. Ishtirokchilar mentorlik koʻmagidan foydalandilar, xalqaro ekspertlar bilan aloqalar oʻrnatdilar.

Qozogʻistonlik “YAYA”, Qirgʻizistonlik “Mama Space” va Moʻgʻulistonlik “INMO Engineering” startaplari “She Loves Tech 2024” tanlovi gʻoliblari boʻlishdi. Ularga “She Loves Tech” tanlovining global bosqichida oʻz startaplarini taqdim etish imkoniyati beriladi.

Startup Pitch — startaplarni namoyish etish maydoni

“ICTWEEK” doirasida IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan “Startup Pitch” ikki kun davom etib, startap asoschilari uchun oʻz mahsulotlari va texnologik yechimlarini taqdim etish hamda sarmoya jalb qilish uchun ajoyib imkoniyat boʻldi.

17-sentyabr kuni saralash bosqichi oʻtkazildi. Unda 28 ta startap finalga chiqish va mahalliy hamda xorijiy investorlar, shuningdek, venchur jamgʻarmalari vakillariga oʻz loyihalarini taqdim etish imkoniyati uchun kurash olib bordi.

Hakamlar hayʼati aʼzolari beshta asosiy mezon boʻyicha 7 ta startapni tanladilar: innovatsion yondashuv, bozor istiqboli, jamoa tajribasi, moliyaviy barqarorlik va ijtimoiy taʼsir.

Final bosqichida 7 ta jamoadan 3 tasi pul mukofotlarini qoʻlga kiritdi. Birinchi oʻrin va 5000 AQSh dollari miqdoridagi mukofotga oʻzbekistonlik “Sugʻurta Bozor” kompleks avtosugʻurta platformasi startapi sazovor boʻldi. Oʻzbekistonning “Jett” investitsiya-savdo platformasi 3000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot chekini oldi. Qozogʻistonlik “Courstore” onlayn kurslar uchun SaaS platformasi finalchilar uchligini yakunlab, 2000 AQSh dollarlik mukofotni qoʻlga kiritdi.

Bundan tashqari, “Sug‘urta Bozor” va “Elbozor” startaplari tegishli ravishda 100 000 va 30 000 dollar miqdorida mablag‘ olishdi.

IT sohasida hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya forumi

19-sentyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan Koreyaning “KOICA”, “GBTP” va “KTPA” kabi IT-kompaniya va tashkilotlari bilan hamkorlikda “Uzbek-Korean IT Business Forum” tashkil etildi. Forum Oʻzbekiston va Koreya kompaniyalari oʻrtasida IT va autsorsing sohasida hamkorlik va korporativ aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan edi.

Tadbirda 120 ga yaqin mutaxassis ishtirok etdi, ulardan 40 dan ortigʻi Koreya delegatsiyasini tashkil etdi. Jumladan, Koreya elchisi Von Doyon, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi raisi Kvon Yon-jin, shuningdek, “KOICA”, “GBTP” va Koreyaning bir qator IT-kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Forum davomida texnologiyalar almashinuvi va kadrlar salohiyatini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Koreya bozoriga IT-xizmatlar va mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirayotgan IT Park rezidentlari hamda Koreyaning yetakchi IT-kompaniyalari oʻz faoliyatini taqdim etdilar. Shuningdek, ikki mamlakat kompaniyalari oʻrtasida B2B-maslahatlar va tarmoqlashuv sessiyalari tashkil etildi. Unda biznes vakillari Oʻzbekistondan autsorsing imkoniyatlarida potensial hamkorlikni muhokama qilib, oʻzaro aloqalar oʻrnatdilar.

Forum doirasida Astrum IT Akademiyasida Koreyaning “AKITA” (Korean IT Alliance Academy) IT fakultetining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Fakultet Koreya xalqaro sanoat hamkorligi instituti (KIIIC) hamda Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining koʻmagi asosida tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda Oʻzbekiston va Koreya IT sohasida ikki tomonlama munosabatlarda sezilarli natijalarga erishdi. Xususan, iyun oyida IT Park Uzbekistan va “Korea Institute of International Cooperation” (KIIC) oʻrtasida Oʻzbekiston-Koreya IT-biznes alyansini taʼsis etish toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Bitim doirasida Oʻzbekistondan Koreya bozoriga IT-xizmatlar eksportini ragʻbatlantirish uchun ikki mamlakatda hamkor IT-ofislar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2024-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga koʻra, Koreyaga IT-xizmatlar eksporti 2,6 million dollarga yetdi. 2023-yil davomida esa bu koʻrsatkich 600 ming dollarni tashkil etgan edi. Bu esa 4,3 baravar oʻsishni koʻrsatadi.

Gamedev Day 2024

“ICTWEEK” haftaligining yakunlovchi kunida IT Park Uzbekistan “East Games” kompaniyasi hamkorligida “Gamedev Day 2024” forumini tashkil etdi. “Gamedev Day” yetakchi oʻyin ishlab chiqaruvchilari, IT sohasiga qiziquvchilar va startaplar uchun markaziy maydonchaga aylandi. Forum davomida oʻyinlarni ishlab chiqish boʻyicha 5 ta mahorat darsi oʻtkazilib, umumiy ishtirokchilar soni 250 nafardan oshdi.

“Gamedev Day”ning asosiy jihatlaridan biri yirik xalqaro studiyalar va kompaniyalarning nufuzli maʼruzachilarining chiqishlari boʻldi. Ular orasida “GameDevHQ” (AQSh) bosh direktori Jonatan Vaynberger ham bor edi. U oʻyinlarni ishlab chiqish dasturiy taʼminot muhandisligi sohasiga qanday yoʻl ochishi va IT sohasida yangi imkoniyatlar yaratishi haqida soʻzladi. Jonatan Vaynberger geymdev sanoatida taʼlim bilan shugʻullanadi va Oʻzbekistonda shu yoʻnalishda akademiya ochishni rejalashtirmoqda.

Mutaxassislar, shuningdek, oʻz ishlanmalari va oʻyin ishlab chiqarish sanoatida maxsus vositalarni qoʻllash tajribasi bilan oʻrtoqlashdilar. Mahalliy kompaniyalar vakillari ham oʻz yutuqlari haqida gapirib, autsorsing faoliyatidan oʻz mahsulotlarini ishlab chiqarishga oʻtish kabi muhim mavzuga eʼtibor qaratdilar.

“President Tech Award” hakatoni

20-sentyabr kuni “ICTWEEK” doirasida Toshkentdagi Turin politexnika universitetida “President Tech Award” tanlovining maxsus yoʻnalishi — hakatonga start berildi.

Tanlovga 70 ta jamoaga boʻlingan 260 dan ortiq ishtirokchi jalb qilindi va ular 100 000 AQSh dollari miqdoridagi bosh sovrin uchun kurash olib borishdi.

Hakaton IT Park tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida oʻtkazildi va taʼlim, sogʻliqni saqlash, agrosanoat, yashil energetika va moliyaviy texnologiyalar kabi asosiy sohalarni raqamlashtirishni tezlashtirishga qaratilgan. Ishtirokchilar yetakchi ekspertlar va murabbiylar rahbarligida prototiplar va minimal hayotiy mahsulotlar (MVP) yaratish ustida ishladilar. Har kuni 25 nafar mentor hakaton ishtirokchilari bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Finalga 15 ta jamoa yetib keldi va ular o‘z prototiplarini hakamlar hay’ati a’zolariga taqdim etishdi. Xakaton g‘olibi “Lorem Ipsum” jamoasining “Focuscore Al” loyihasi bo‘ldi. Bu loyiha ko‘ngilochar kontentni ta’lim kontentiga aylantirish platformasining prototipini ishlab chiqdi. Loyiha turli avlod foydalanuvchilarining kontentni qabul qilishdagi farqlarni o‘rganish asosida yaratilgan bo‘lib, o‘zbek va xitoy tillari ham qo‘shilgan holda 35 ta tilni qo‘llab-quvvatlaydi. Platforma o‘zini to‘rtta mamlakatda - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy va Hindistonda taqdim etadi.

“ICTWEEK” tadbirida IT Park koʻlami

Konferensiya, sammit va forumdan tashqari, IT Park koʻrgazma majmuasida keng namoyish etildi. IT Park Uzbekistan stendlari ikki hududda joylashtirildi. Markaziy maydoncha “Astana Hub”, “ITPU”, “IT Bilim” bilan hamkorlikda tashkil etildi. Har bir kompaniya uchun yuqori texnologiyali oʻtov shaklidagi koʻrgazma stendlari oʻrnatildi. Toʻrt kun davomida tashrif buyuruvchilar bu yerda IT Park Uzbekistan va uning rezidentlari faoliyati, dasturlari va xizmatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar. Stendlarga tashrif buyurganlar soni 2000 kishidan oshdi.

IT Park Uzbekistan stendiga jami 400 ga yaqin kishi tashrif buyurdi, rezidentlik va ochilayotgan imkoniyatlar boʻyicha 100 dan ortiq maslahat berildi. Koʻrgazma natijalariga koʻra, 19 ta kompaniya IT Park rezidenti maqomini olish jarayonida.

IT Bilim koʻrgazma davomida 90 dan ortiq maslahat berdi, har kuni 500 dan ortiq kishi tashrif buyurdi. Maslahatlar natijasida ishga yollash va amaliyot dasturlari boʻyicha bot orqali 90 ta, maqsadli qarzlar boʻyicha 27 ta va bilgi boʻyicha 45 ta ariza qabul qilindi. Shuningdek, “ICTWEEK” doirasida “IT BILIM” va “Mediagroup Human & Forest So” oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Uning asosiy maqsadi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda IT-mutaxassislarini tayyorlash tizimini rivojlantirish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

“IT Park University” (ITPU) “ICTWEEK” doirasida “Yandex”, “Uzum Tech”, Biznesni Rivojlantirish banki va “Nokia” kabi 10 dan ortiq kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Muzokaralar yakunida talabalarni turli yoʻnalishlarda ish oʻrinlari taklif etib, amaliyot bilan taʼminlash maqsadida universitet bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, korporativ madaniyat va ish jarayonlari bilan tanishish uchun muntazam tashriflar kelishib olindi. Talabalarga oʻz bilimlarini amalda qoʻllashga imkon beradigan qoʻshma loyihalar rejalashtirildi.

“Tech Alley” — IT Parkʼning ikkinchi hududi boʻlib, rezident kompaniyalar, IT sohasi, shuningdek, venchur fondlari va IT-hamjamiyatiga bagʻishlandi. Bu yerda “ICTWEEK” koʻrgazmasi mehmonlari muvaffaqiyatli IT-kompaniyalar faoliyati bilan tanishish, shuningdek, venchur fondlari zonalari va IT hamjamiyatida foydali aloqalar oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻldilar. Rezident-ishtirokchilar orasida CLOUPARD, PRO DATA-TECH, EPAM SYSTEMS, UNITED IT COMPANY, TRUSTME, NAJOT TAʼLIM MARKAZI, Eskiz Media Group, VENTION, E8IGHT, VOICE SOLUTIONS VB, TECHNOUNIT-GROUP, LOILTE GROUP, BUROBURO, 1001 LABS, DK Leading, IT DATAWARE, DATA LIVE CENTRE, REALSOFT, Swift CTRL, Digital Education Technology Development Center kabi kompaniyalar bor edi.

“Tech Alley” kompaniyalari stendlariga oʻrtacha kunlik tashrif buyuruvchilar soni 100 dan ortiq kishini va koʻrgazmaning 4 kunidagi umumiy qamrov 500 dan ortiq kishini tashkil etdi.

“ICTWEEK 2024” yakuniga koʻra, Oʻzbekiston yangi global autsorsing markazi maqomini tasdiqladi, shuningdek, xalqaro kompaniyalar va venchur investorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamladi. Oʻzbekiston yildan-yilga jahon IT-xaritasida tobora muhim oʻyinchiga aylanib bormoqda, bu esa yanada oʻsish va rivojlanish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.

Ushbu tadbir xorijiy IT-kompaniyalarning Oʻzbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatdi, bu esa mahalliy mutaxassislar va startaplar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. IT-kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha davlat tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar, jumladan, soliq imtiyozlari, biznesni ochishning soddalashtirilgan tartib-taomillari va malakali ishchi kuchiga ega boʻlish imkoniyati mamlakatni istiqbolli global IT-habga aylantirmoqda.

IT Park Uzbekistan mamlakatda texnologik ekotizimni rivojlantirishda davom etadi, ish oʻrinlarini yaratishga va mahalliy startaplarni global bozorlarga integratsiyalashuviga koʻmaklashadi.

2024-09-27