24-27-oktyabr kunlari Oʻzbekistonda AKT sohasidagi eng yirik tadbir — ICTWEEK UZBEKISTAN 2023 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boʻlib oʻtadi. Soʻnggi 19 yil davomida ushbu tadbir anʼanaviy tarzda bir qator ixtisoslashtirilgan tadbirlarni yagona formatda birlashtirib kelmoqda.
ICTWEEKʼning asosiy maqsadi — tajriba almashish uchun platforma yaratish va zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarning soʻnggi yutuqlarini namoyish etishdan iborat. Bu Oʻzbekiston IT bozorining xorijiy investorlar uchun jozibadorligi haqida gapirish uchun ham ajoyib imkoniyatdir.
Forumning birinchi kuni, 24-oktyabrda AKT haftaligining ochilishiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, shu kuni Startap sammiti boʻlib oʻtadi, uning maqsadi mehmonlarni Oʻzbekiston startap ekotizimi, mintaqadagi eng yaxshi startaplar, investorlar va innovatsion kompaniyalar bilan tanishtirishdir. Tadbir doirasida xorijdan taklif etilgan ekspertlarning chiqishlari rejalashtirilgan. Tadbirning yakuniy bosqichi xalqaro venchur fondlari va mahalliy startaplar oʻrtasidagi B2B uchrashuvlar boʻlib, kelajakdagi investitsiyalar va hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadi.
ICTWEEK UZBEKISTAN 2023 rasmiy ochilish marosimi tadbirning ikkinchi kuni, 25- oktyabr kuni boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Xorijiy tashkilotlar vakillarining kirish soʻzlari va chiqishlaridan soʻng rasmiy eʼlonlar va taqdimotlar boshlanadi. AKT haftaligi doirasida “Muxlisa” sunʼiy intellekti; my.gov.uz saytining yangi versiyasi; Aloqa Bank talaba kartasi; Face ID toʻlov tizimi va boshqalar taqdim etiladi.
Shu kuni “Techno Women Kazakhstan” va IT-taʼlim Assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan “Empowering Women in IT: Leading the Digital Revolution” sammiti, shuningdek, Markaziy Osiyo “IPv6 Enhanced” sammiti boʻlib oʻtadi.
ICTWEEK’ning uchinchi kuni xorijiy ekspertlar chiqish qiladigan “Uzbekistan Outsourcing” forumi va ICT EXPO – 2023 koʻrgazmasining ochilishi bilan esda qoladi.
26-oktyabr kuni IT Park tomonidan koreyalik hamkorlar KOICA, NIPA, UNIDO Korea va KOIIA bilan birgalikda oʻtkaziladigan “Uzbekistan-Korea ICT Business Partnership” forumi ushbu kunning yirik tadbirlaridan biri boʻladi.
Unda Koreyaning 20 dan ortiq IT-kompaniyalari ishtirok etadi. Tadbir mahalliy IT-kompaniyalarga koreyalik hamkorlar bilan hamkorlikda shartnomalar tuzish va yangi loyihalarni boshlash imkoniyatini taqdim etadi. Forumda roʻyxatdan oʻtish havola orqali mavjud: https://forms.office.com/r/CGUNBJ2SJN
Milliy kutubxona zalida yana bir uzoq kutilgan tadbir — IT-taʼlim forumi boʻlib oʻtadi, unda muvaffaqiyatli IT-influenserlar soʻzga chiqishadi. Tadbir doirasida uchta musobaqa: ICPC, “President Tech Award” xakatoni va TOP-5 yosh isteʼdodlar konkursi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.
27-oktyabr, AKT haftaligining soʻngi kunida Oʻzbekiston IT-sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlariga bagʻishlangan forum hamda vazirlik va tashkilotlar oʻrtasidagi B2B sessiyalari boʻlib oʻtadi.
Shu kuni mehmonlar ICT Expo doirasida boʻsh ish oʻrinlari va taʼlim yarmarkasiga tashrif buyurishlari mumkin.
ICTWEEK UZBEKISTAN 2023 haftasining yopilish marosimi madaniy tadbirlar va AKT haftaligi mukofoti gʻoliblarini taqdirlash bilan yakunlanadi.
Tadbirlar dasturi ushbu havolada mavjud: https://ictweek.uz/uz
2023-10-18