ICTWEEK Uzbekistan 2025 — jahon IT yetakchilari va startaplarni birlashtiradi

O‘zbekistonda — “ICT Week Uzbekistan 2025” — axborot texnologiyalari sohasidagi eng nufuzli tadbir — 2025-yil 23–26-sentyabr kunlari “Central Asian Expo” (CAEX) va Raqamli texnologiyalar vazirligining asosiy maydonlarida o‘tkaziladi.

“ICT Week 2025” doirasida 20 000 dan ortiq ishtirokchi, 50 dan ortiq mamlakatdan 300 dan ziyod startap va ko‘rgazma ishtirokchilari qatnashishi, shuningdek, yetakchi texnologiya kompaniyalari, davlat tuzilmalari, venchur fondlari vakillari bilan 300 dan ortiq B2B uchrashuv o‘tkazilishi kutilmoqda. Tadbirni “Huawei”, “ZTE”, “Yandex Uzbekistan”, “Beeline” va “Data-Volt” kabi yirik xalqaro hamkorlar qo‘llab-quvvatlamoqda.

“ICT Week Uzbekistan” 2004-yildan buyon har yili o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lib, mamlakatning axborot texnologiyalari sohasidagi eng muhim tadbir hisoblanadi. Tashkilotchilar — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan. Tadbir IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish, O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli markaz sifatidagi nufuzini oshirish va mamlakatni jahon IT-hamjamiyatiga integratsiyalashuviga qaratilgan.

“ICT Week Uzbekistan” haftaligining strategik maqsadi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash, BPO/IT xizmatlarini ommalashtirish va mamlakatning global maydondagi mavqeini mustahkamlashdan iborat.

Haftaning asosiy tadbirlari:

  • 23-sentyabr — “Shared Services and Offshore Outsourcing Summit” (CAEX) — IT va BPO-xizmatlari eksporti istiqbollari bo‘yicha strategik sessiya. Dasturda “Engineering in Tashkent: Why We Outsource from Uzbekistan”, “Talent, Trust and Transformation: Building Our BPO Team in Tashkent” va “Workforce as a Strategy: Building High-Performing Teams in Uzbekistan” mavzularidagi asosiy taqdimotlar, IT va BPO-kompaniyalari ofislariga tashriflar rejalashtirilgan. Tadbirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 500 nafar ishtirokchi qatnashadi.
  • 24-sentyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi zalida “Offshore Outsourcing Conference Workshop” bo‘lib o‘tadi.
  • 24-sentyabr — “Game GAP” (CAEX) — xalqaro o‘yin kompaniyalari va mahalliy ishlab chiquvchilarni birlashtiruvchi “Game Fest”. Dasturda — o‘yin va IT-loyihalarning taqdimoti, interaktiv tadbirlar hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi rejalashtirilgan.
  • 25-sentyabr — “Korean Forum” (CAEX) — KOICA va “Gyeongbuk Technopark” hamkorligida Koreya bilan hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan forum.
  • 25-sentyabr — “Startup & Venture Summit” (CAEX) — “ICT WEEK UZBEKISTAN” startap tadbirlari turkumini boshlab beruvchi va mamlakatning jadal rivojlanayotgan innovatsion ekotizimini namoyish etuvchi konferensiya. Birinchi kuni mehmonlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi startap-sanoati haqida umumiy ma’lumot, global venchur sarmoya yetakchilari bilan panel sessiyalari, muvaffaqiyatli loyihalar va bozorning asosiy ishtirokchilari bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar. Birinchi kunning yakuniy qismi ishtirokchilar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mentorlik va tajriba almashishga qaratilgan B2B uchrashuvlari sessiyasi bilan yakunlanadi.
  • 26-sentyabr — “Global Startup Awards” — “Central Asia Final” (CAEX) — startaplar uchun eng yirik xalqaro mukofotning mintaqaviy finali. 8 mamlakatdan kelgan finalchilar o‘z loyihalarini hakamlar hay’ati, ekspertlar va investorlar oldida taqdim etadilar. Tadbir tantanali taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.
  • 27–28-sentyabr — “Digital Weekend” (Raqamli texnologiyalar vazirligi).

Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. WebSummit Spotlight: Uzbekistan (27-sentyabr) — “WebSummit” bilan mintaqadagi birinchi hamkorlik bo‘lib, uning doirasida nufuzli xalqaro mehmonlar, venchur investorlar va IT-sanoat yetakchilari ishtirokida sessiyalar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, tezkor uchrashuv formatida o‘tkaziladigan “Investor’s Room” — investitsiyalarni jalb qilish va netvorking uchun asosiy tadbirlardan biri bo‘ladi.
  2. Startup & Tech Expo (27–28-sentyabr, Raqamli texnologiyalar vazirligi) — IT va startaplar olami bilan tanishish uchun ikki kuni: IT-kompaniyalar, startaplar, akseleratorlar, ta’lim loyihalari, kreativ sanoat zonalari va oziq-ovqat hududini qamrab olivchi 100 dan ortiq pavilyonlar. Dasturda mashhur didjeylar, mahorat darslari, seminarlar, interaktiv tadbirlar, tanlovlar va asosiy sahnadagi shou-dastur o‘rin olgan.

Asosiy hududlar: Startup Zone, Residents, Tumaris.Tech Central Asia, Education Hub, TeploMarket, Food Court, Stage, Workshop zone, Dam olish zonalari va fotozonalar.

    3. Clash of Startups (28-sentyabr) — istiqbolli startaplar o‘z loyihalarini investorlar va ekspertlar hay’atiga taqdim etadigan tanlov taqdimoti. Ishtirokchilar nafaqat sovrinlar uchun kurashish, balki potensial hamkorlarning e’tiborini jalb qilish, shuningdek, biznesni rivojlantirish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mintaqadagi yetakchi IT-tadbirining bir qismi bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang! “ICT Week Uzbekistan 2025” tadbiriga bugunoq ro‘yxatdan o‘ting va o‘zingiz uchun yangi biznes, sarmoya va hamkorlik imkoniyatlarini kashf eting. Batafsil dastur va ro‘yxatdan o‘tish shakli quyidagi havola orqali mavjud: https://outsource.gov.uz/en/events/ict-week-2025

O‘zbekistonda IT va startap ekotizimining rivojlanishi haqida

O‘zbekistonda IT-biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjud: IT Park rezidentlari korporativ, ijtimoiy, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etilgan, bir yillik bepul ofis va “Zero Risk” dasturi doirasida ish haqining 15 foizigacha kompensatsiya olishadi.

Mamlakat Yevropa Ittifoqi, MDH va Markaziy Osiyodagi 780 milliondan ortiq iste’molchiga ega bozorlarga kirish imkoniyatiga ega. Aholining 60 foizi 30 yoshdan kichik bo‘lib, har yili 25 mingdan ortiq IT-mutaxassis tayyorlanadi. Infratuzilma IT Park’ning 14 ta filiali, 205 ta IT-markaz, 225 ming kvadrat metrdan ortiq ofis maydoni va ikki mingdan ziyod rezidentni o‘z ichiga oladi.

Mamlakatda 223 ta universitet, jumladan 28 ta xorijiy oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatadi, ularda IT sohasida 52 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Startap ekotizimi elektron tijorat (21%), EdTech (15%), FinTech (11%), MedTech (8%) va AI (6%) kabi yo‘nalishlarda 500 dan ortiq loyihani qamrab olgan.

O‘zbekiston startap ekotizimi o‘z rivojlanishining eng jadal bosqichiga kirdi, bunga esa kapitaldan foydalanish imkoniyatining kengayishi va institutsional qo‘llab-quvvatlash turtki bo‘lmoqda. 2024-yilga kelib IT Park Uzbekistan ma’lumotlar bazasida 500 dan ortiq faol va istiqbolli startaplar mavjud bo‘lib, bu mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

“StartupBlink Global Startup Ecosystem Index 2025” global startap ekotizimlari reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘sish sur’atlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda esa ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu uning jadal rivojlanayotgani va global innovatsiyalar xaritasida ta’siri kuchayib borayotganining yorqin dalilidir.

2025-yil yanvar oyidan boshlab o‘zbek startaplari 260 million dollardan ortiq venchur investitsiyalarini jalb qilib, investitsiyalarning umumiy hajmini 340 million dollardan oshirdi. Raqamlar o‘z-o‘zidan gapiradi: atigi to‘rt yil ichida mamlakat startap ekotizimining umumiy qiymati “Startup Genome” reytingining “Global Startup Ecosystem Report 2021” hisobotidagi 1 million dollardan 2025-yilga kelib 1,2 milliard dollardan oshdi.

2020-yildan boshlab O‘zbekistonda venchur investitsiyalari faol rivojlanmoqda. Bozorda 2025-yil 3-chorak boshiga qadar 5,62 million dollarlik 52 dan ortiq startapni moliyalashtirgan “Aloqa Ventures”, shuningdek, 11 ta startapga 3,4 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan “IT Park Ventures” kabi fondlar faoliyat yuritmoqda. “IT Park Ventures” yagona chek bilan 1 million dollar miqdorida investitsiya kiritgan mamlakatdagi birinchi fondga aylandi. Shuningdek, bozorda deyarli 1,49 million dollarlik “UC Ventures” va 820 ming dollarlik “UzVC” ham mavjud. Ushbu fondlar mahalliy startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda va mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Boshqa faol ishtirokchilar orasida boshlang‘ich loyihalarga 200 ming dollar sarmoya kiritgan “Semurg.VC” (550 ming dollar) va “CS Angels” bor. Ushbu jamg‘armalarning barchasi mahalliy startap ekotizimini rivojlantirishga hissa qo‘shib, mamlakatda tadbirkorlik va texnologik tashabbuslarning o‘sishiga ko‘maklashmoqda.

2025-08-12