IT-eksportni rivojlantirish: IT Park Uzbekistan rezidentlari o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi

O‘zbekiston IT-xizmatlar eksportiga e’tibor qaratib, axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishni davom ettirmoqda. Mamlakatda xorijiy hamkorlar bilan ishlaydigan va turli sohalar uchun dasturiy yechimlar yaratadigan kompaniyalar soni ortib bormoqda. Biroq, imkoniyatlar bilan bir qatorda, soha oldida muhim vazifalar ham turibdi.

Eksportni kengaytirish masalalari IT Park Uzbekistan rahbariyatining xalqaro bozorda faoliyat yuritayotgan yetakchi IT-kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Muhokamada EPAM Systems”, “EAST GAMES”, “ITRANSITION”, “TECH-HIVE”, “DATADEP” va “FORWARD GATEWAY” kompaniyalari ishtirok etdi. Mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, mahalliy IT-jamoalarning raqobatbardoshligini oshirish va ta’lim dasturlarini global bozor talablariga moslashtirish asosiy mavzular qatoriga kirdi.

Global bozor uchun kadrlar tayyorlash

IT-xizmatlarga bo‘lgan talabning ortishi mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Xalqaro hamkorlarning talablariga javob berish uchun tomonlar ta’lim tashabbuslarini, jumladan, malaka oshirish dasturlari, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish va amaliyotga yo‘naltirilgan kurslarni takomillashtirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, eksportchi kompaniyalar yosh mutaxassislar va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv doirasida IT-jamoalarga global bozor talablariga moslashish va xalqaro maydonga dadil chiqishga yordam beradigan mentorlik dasturini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Sun’iy intellekt — yangi o‘sish nuqtasi

Muhokamaning yana bir muhim mavzusi sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘ldi. Ushbu soha ko‘plab IT-kompaniyalar uchun ustuvor yo‘nalishga aylanib bormoqda, shuningdek, davlat tuzilmalari tomonidan ham qiziqish uyg‘otmoqda. Uchrashuv ishtirokchilari sun’iy intellekt loyihalarida hamkorlik qilish, jumladan, yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan davlat va xususiy tashabbuslarda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Keyingi qadamlar

IT Park Uzbekistan eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni faol qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida. Ta’lim dasturlarini rivojlantirish, mentorlik tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish va yangi texnologiyalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifa hisoblanadi.

IT-eksport va texnologik yechimlarning rivojlanishi nafaqat O‘zbekistonning global bozordagi mavqeini mustahkamlaydi, balki mahalliy mutaxassislar uchun ham yangi istiqbollarni ochadi. IT sohasini mustahkamlash yangi ish o‘rinlarini yaratadi, yuqori maoshli kasblarni rivojlantirishga yordam beradi, mamlakatga investitsiyalarni jalb qiladi va raqamli iqtisodiyotning o‘sishiga hissa qo‘shadi. Uzoq muddatli istiqbolda bu hayot sifatini yaxshilash, masofadan ishlash va raqamli xizmatlar imkoniyatlarini kengaytirish orqali mamlakatning har bir hududida zamonaviy texnologik ekotizimni shakllantirish imkonini beradi.

2025-03-04