IT Ladies: IT sohasida ishlaydigan Malika Rahimovaning hikoyasi

IT sohasi qizlar uchun emasmi? Toshkentlik 22 yoshli Malika Rahimova buning aksini isbotlamoqda.

Malika Inha universitetida tahsil oladi. Oʻqishdan tashqari, Estoniyaning “Zoftify Eesti OÜ” autsorsing kompaniyasi va Agrobankʼda UI/UX dizayneri sifatida ham ishlaydi. U qiyinchiliklar va stereotiplardan qoʻrqmaydigan qizlardan biridir.

IT Park muharrirlariga bergan intervyusida Malika texnologiyalar olamidagi yoʻli, muhim kasbiy yutuqlari haqida gapirib, kelajakdagi rejalari bilan oʻrtoqlashdi.

IT sohasidagi yoʻlning boshlanishi haqida

Mening IT sohasiga sayohatim xalqaro “Technovation Challenge” tanlovida ishtirok etishdan boshlandi. Bu men uchun ilgari o‘zim tasavvur ham qilmagan koʻplab imkoniyatlarni ochib berdi. Men boshlangʻich bilim va motivatsiyaga ega boʻldim va bu meni ITʼni chuqurroq oʻrganishga undadi.

Hozirda Inha universitetida oʻqiyman va parallel ravishda ishlayapman. “Zoftify Eesti OÜ” kompaniyasidagi majburiyatlarimga AQSh va Yevropalik xorijiy kompaniyalar vakillari bilan muloqot qilish, shuningdek, foydalanuvchi interfeysini ishlab chiqish kiradi. Agrobank’da esa UI/UX dizayni bilan shugʻullanaman, ammo allaqachon mahalliy startap loyihalari ustida ishlayapman.

Muhim va foydali koʻnikmalar haqida

Men IT sohasida faoliyatimni endigina boshlaganimda, hech kimning yordamisiz mustaqil ravishda oʻrganish oson boʻlmadi. Bu borada menga yordam beradigan doʻstlarim yoki qarindoshlarim yoʻq edi. Shuning uchun hech boʻlmaganda biron bilim bazasiga ega boʻlish uchun turli xil taʼlim manbalarini izlay boshladim. Vaqt oʻtishi bilan qidirish qobiliyati nafaqat foydali aloqalarni, balki yangi imkoniyatlarni ham taqdim etishi mumkinligini angladim.

Eng muhim kasbiy yutuqlar va fazilatlar haqida

Men uchun aniq bir yutuqni ajratib koʻrsatish qiyin, chunki ularning har bir oʻziga xosdir. Ehtimol, Technovation Challengeʼdagi ishtirokimni taʼkidlab oʻtaman, chunki u yerda IT bilan bogʻliq birinchi tajribamga ega boʻldim. Yaxshi doʻstlar bilan uchrashdim, ular bilan yarim finalga chiqish orqali ajoyib natijalarga erishdik va barqaror rivojlanishning 17 ta maqsadlaridan birining muammosini hal qilishga qaratilgan mobil ilovani ishlab chiqdik. Oʻzbekistonning turli viloyatlaridan kelgan jamoalar ichida faqatgina biz loyihamizni BMT vakolatxonasida boʻlib oʻtadigan konferensiyada taqdim etish, shuningdek, xalqaro “CGTN” va “The New York Times” telekanallariga intervyu berish baxtiga muyassar boʻldik.

Hozir ushbu tanlovda murabbiy sifatida qatnashib, qizlarga oʻzimdagi va kelajakda ular uchun foydali boʻlishi mumkin boʻlgan barcha zarur koʻnikmalarni oʻrgatyapman. Bu yil jamoalarimdan biri “Eng yaxshi ekologik loyiha” nominatsiyasida gʻolib boʻldi.

“Open data” xakatonida jamoamiz bilan birgalikda ishlab chiqqan qiziqarli loyihamizni ham aytib oʻtmoqchiman. Loyiha gʻoyasi — oiladagi zoʻravonlikning oldini olish va kerak boʻlganda jabrlanganlarga yordam koʻrsatish.

Loyiha qiziqarli va murakkab boʻldi, chunki biz oiladagi zoʻravonlik holatlarini qayd etish imkoniyati bilan bogʻliq koʻplab omillarni hisobga olishimiz kerak edi.

IT sohasida ayollarning roli haqida

“Yashirin raqamlar” filmini bir necha marta tomosha qilganman. Ushbu film NASA Amerika kosmik dasturiga hissa qoʻshgan haqiqiy ayollar haqida hikoya qiladi. Ular jinsi va irqi tufayli koʻp qiyinchilik va tarafkashliklarni yengib oʻtishgan, ammo shunga qaramay, ular oʻz orzulari uchun kurashda va muvaffaqiyatga erishishda davom etganlar. Ushbu film qiyinchiliklarni yengish va professional maqsadlarga erishishda qatʼiyat, bilim va ishonch qanchalik muhimligini taʼkidlaydi.

IT sohasida ayollarning roli muhim va katta salohiyatga ega. Biroq, ular koʻpincha martaba va kasbiy oʻsishni cheklashi mumkin boʻlgan qiyinchiliklarga duch kelishadi. IT — koʻproq erkaklar sohasi degan stereotiplar ayollar uchun jiddiy toʻsiqlarni keltirib chiqaradi.

Men oʻzim, maktabda oʻqib yurgan paytimda qizlarning IT sohasiga hech qanday aloqasi yoʻqligi, biz ayollar analitik fikrga moyil emasligimiz haqidagi stereotiplarga duch kelganman. Koʻpchilik muvaffaqiyatga erishishimga ishonmasdi, lekin men buning aksini isbotlashni yaxshi koʻraman. Men uchun har bir yangi toʻsiq — men nimaga qodir ekanligimni koʻrsatuvchi chaqiruvdir.

Qizlar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish muhim deb oʻylayman. Bilaman, IT Park tez-tez uch kunlik xakatonlarni tashkil qiladi. Shaxsan men ularning ikkitasida jamoa tarkibida qatnashganman va ikkala safar ham ikkinchi oʻrinni egallaganmiz. Biroq, cheklangan vaqt oraligʻi sababli, ishtirokchilar deyarli uxlashmaydi va baʼzida qoʻshimcha gʻoyalar va yangilanishlarni ishlab chiqish uchun vaqt yetmaydi. Ushbu musobaqalar biroz koʻproq davom etishini istardim. Shuningdek, ishtirokchilarni yanada adolatli baholashni taʼminlash uchun turli yosh va saviyadagi qizlar uchun, masalan, “junior” va “senior” shaklidagi tadbirlarni tashkil qilish muhim, deb hisoblayman.

IT sohasidagi oʻzgarishlar va yangi texnologiyalar haqida

Doimiy ravishda oʻzgarib turadigan sohaga muvaffaqiyatli moslashish uchun men IT sohasidagi yangiliklar va voqealarni faol ravishda kuzatib boraman, xalqaro zoom-konferensiyalarida va sammitlarda qatnashaman. Soʻngi ikki yil ichida Polshada boʻlib oʻtgan xalqaro “Perspektywy Women in Tech Summit”da qatnashish va grant yutib olish baxtiga muyassar boʻldim. Bu konferensiya menga Google, Microsoft, Meta, Cisco, Intel, Dropbox, Goldman Sachs, 3M va boshqa koʻplab kompaniyalar vakillari, IT va biznes sohalari yetakchilari bilan uchrashish va muloqot qilish imkonini bergan ajoyib tajriba boʻldi. Sammitdagi atmosfera shunchaki ajoyib edi.

Kelajakda robototexnika sohasida ishlashni rejalashtirganman, shu bois hozirda Blenderʼda 3D modellashtirishni oʻrganyapman va dunyoning eng yaxshi universitetlari kurslarida qatnashmoqdaman.

Hozirgi ishimga kelsak, men doimo yangi tendensiyalarni kuzatib borishga, yangi narsalarni sinab koʻrishga va ularni oʻz ishimda qoʻllashga harakat qilaman. SI, MidJorney, ChatGPT va boshqalar kabi koʻplab platformalar jadallik bilan rivojlanayotganini kuzatyapman. Ular vazifalarni tezroq bajarishga imkon berib, ish jarayonlarini sezilarli darajada soddalashtiradi. Albatta, SI qanchalik tez odamlarning oʻrnini bosa oladi, degan savol tugʻiladi. Ammo ayni damda ushbu vositalardan foydalanishni biladigan mutaxassislar talabgir boʻladi degan fikrdaman.

IT sohasida karyera qurmoqchi boʻlgan qizlar uchun maslahat

Hammaga asosiy maslahatim — muvaffaqiyatsizlikdan qoʻrqmang. Esingizda boʻlsin, kamdan-kam hollarda birinchi martadayoq muvaffaqiyat qozonish mumkin. Yangi chaqiruvlarga intiling va yangi narsalarni oʻrganishdan qoʻrqmang. Sizni qiziqtirgan narsalarni sinab koʻring va oʻrganing, chunki oʻzingizni qaysi sohada topishingiz mumkinligini hech qachon bilmaysiz. Va agar kimdir sizning qobiliyatingizga shubha qilsa, taslim boʻlmang. Maqsadingizga intiling va koʻp narsaga qodir ekanligingizni isbotlang.

2023-10-19