IT-Markazlarning eng yosh oʻqituvchisi COVID-19 bilan kurashish uchun platforma ixtiro qildi

IT-Park qoshidagi IT-Markazlarning eng yosh oʻqituvchisi, Navoiy viloyati 4-sonli maktab oʻquvchisi Suxrob Haydarov koronavirus bilan kasallanganlarni aniqlashga yordam beradigan platforma yaratdi.

Suxrob Haydarov telefonlar va kompyuterlar uchun platformani, shuningdek, virus bilan kasallanganlarni aniqlashga yordam beradigan, robototexnika-loyihalash asosida yaratilgan robotlashtirilgan qurilmani kashf etishga muvaffaq boʻldi. Texnologiya Suxrob va uning yordamchilari tomonidan ishlab chiqilgan.

Platformani yaratishdan asosiy maqsad – jamiyatni COVID-19 bilan bogʻliq barcha eng dolzarb yangiliklardan xabardor qilish va odamlarni virusdan himoya qilish.

Suxrobning aytishicha, unda texnologiyani ishlab chiqish gʻoyasining oʻzi Vengriyada qishda boʻlib oʻtgan  “WRO 2019” xalqaro olimpiadasidan qaytgach paydo boʻlgan. U yerda u dunyodagi eng yaxshi yosh dasturchilar bilan uchrashgan. Vataniga qaytib, Suxrob u yerdagi yangi doʻstlari va hamkasblari bilan aloqani uzmagan, shu bilan ularga oʻzining koronavirusga qarshi kurashishda sayyoramizga yordam berish niyati haqida xabar bergan.

“Meni Turkiya va Janubiy Koreyalik doʻstlarim qoʻllab-quvvatlashdi. Xususan, turkiyalik talaba Nyazik Bashimova IOS tizimi uchun dastur yozdi, Li Chan Gon va Kim Chi Xva esa, AntiCOVID-19 Uzbekistan uskunasini ishlab chiqishda maslahatlar berishdi. Bundan tashqari, asosan, murakkab gadjetlardan foydalanmaydiganlar uchun alohida qurilmani yaratish gʻoyasini Rossiyada Nijniy Novgorodda boʻlib oʻtgan “RoboFest-2020” xalqaro festivalida jamoani boshqargan Ozodbek Xoʻjaev berdi”, – deydi Suxrob Haydarov.

Qurilmaning ishlash prinsipi murakkab emas. Buning uchun faqatgina qoʻlni koʻtarib, uni qurilmaning ustida 10-20 santimetr masofada ushlab turish kerak boʻladi. Masofali sensor avtomatik ravishda binoning chegaralarini va qurilmaning koronavirus infeksiyasi bilan ogʻrigan bemorlarni aniqlay oladigan masofasini aniqlaydi. Unda inson tanasining haroratini oʻlchaydigan maxsus uzatish qurilmasi – lazer-temp oʻrnatilgan. Agar inson tanasida virus boʻlmasa, displey yashil rangda belgi beradi, aks holda fon qizil rangga kiradi.

Bundan tashqari, istagan har kim oʻz telefonida oʻrnatishi mumkin boʻlgan IOS va Android tizimlari uchun ilova yaratilgan. U ham xuddi shu prinsip asosida ishlaydi. Odamlar ommaviy toʻplangan joylarda dastur ularning orasida COVID-19 bilan kasallanganlar bor yoki yoʻqligini aniqlashga yordam beradi.

Dasturda har kuni avtomatik ravishda yangilanadigan uchta maʼlumot tugmasi mavjud. Ular orqali foydalanuvchilar yangi turdagi virus, uning dunyoda tarqalishi haqida barcha maʼlumotlarni bilib olishlari, shuningdek, COVID-19 virusiga qarshi kurashish uchun chellenjlarda ishtirok etgan mashhur kishilar tasvirga tushgan videoroliklarni tomosha qilishlari mumkin.

Birinchi tugma koronavirus haqida maʼlumot bilan tanishish va bu qanday kasallik ekanligini bilish imkonini beradi. Ikkinchi tugma virusning tarqalishi haqida maʼlumot beradi, uchinchisi esa odamlarni ushbu virus bilan kasallanishdan oʻzini qanday himoya qilish haqida maʼlumot beradi. Oxirgi tugmada, shuningdek, “Save Hand Challenge” videoroliklari ham joylashtirilgan va u yerga har kuni turli odamlar tasvirga tushgan videoroliklar yuklanadi. Hozirgi kunda u yerda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi rahbari Alisher Zafarovich ishtirokidagi videorolik yuklangan.

Bugungi kunda ushbu “AntiCovid-19” platformasi Navoiy viloyatining ikkita shifoxonasida foydalanilmoqda va navbatdagi shifoxona uchun uchinchi platforma ishlab chiqilmoqda.

Kelgusida Navoiy viloyatining barcha shifoxonalariga uskunalar yetkazib berish rejalashtirilgan.

Ilovani yuklab olish va uni sinab koʻrishni istaganlar platforma yaratuvchisiga elektron pochta orqali murojaat qilishlari mumkin: xaydarovsuxrob2020@gmail.com

Aloqa maʼlumotlari: + 998913367236 Haydarov Suxrob

2020-04-10