IT Park AQShda vakolatxona ochadi yoki Oʻzbekiston Prezidentining yangi qaroridagi boshqa muhim jihatlar

2020-yilning 28-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot raqobatbardoshligini IT yechimlarni tatbiq qilish orqali yuksaltirishga qaratilgan “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda IT Parkni yangi IT sohasiga oid taʼlim dasturlari, infratuzilmani kengaytirish, shu bilan birga, rezident va startap loyihalarni targʻib qilish orqali rivojlantirish vazifalari ham belgilangan.

IT Park rezidentligi qismi boʻyicha:

1. IT Park rezidentlari bitta shartnoma doirasida (axborot tizimlarini va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, tatbiq qilish, integratsiya va texnik qoʻllab-quvvatlash) jami qiymati 1 milliard soʻmgacha boʻlgan davlat tanlovlarida qatnashish imkoniyatiga ega boʻldilar.

2. IT Park rezidentlari nafaqat dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish, balki dasturiy-apparat majmualarini yaratish, reklama yoki boshqa qoʻshimcha daromad uchun joy taqdim etishga doir faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻladilar. Kompyuter oʻyinlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

3. IT Park mahalliy kompaniyalarga biznes jarayonlarni autsorsing qilishga oid (BPO – Business Processes Outsourcing) buyurtmalarni jalb qilish uchun AQShda oʻzining vakolatxonasini ochadi.

Bu nimani anglatadi?

1. IT Park rezindentlari orasida tanlov oʻtkazish orqali shartnoma tuzish imkoniyati quyidagi bir nechta vazifalarni hal qiladi: IT Park rezidentlari faoliyatini targʻib qilish va rivjolantirish; davlat organlariga mahalliy dasturchilarning mahsulotlarini joriy qilish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratish; yechimlar xavfsizligini taʼminlash, mahalliy dasturchilar mahsulotlarining jozibadorligini orttirish; mahalliy It kompaniyalar uchun raqobatbardosh muhitni yaratish; mahalliy IT kompaniyalar mahsulotlarini davlat loyihalariga joriy etish tartibini soddalashtirish.

2. Loyihalarni apparat qismi amalga tatbiq etish imkoniyatining yoʻqligi IT Park rezidentlarida bir qator qiyinchiliklarni tugʻdirayotgan edi, binobarin, axborot tizimlarini tatbiq qilish ham apparat, ham dasturning mavjudligini talab qiladi. Taqqos uchun Belorusdagi yuqori texnologiyalar parki 2008-yildayoq oʻz rezidentlarining faoliyat turlarini kengaytirib, ularga apparat qismi bilan shugʻullanish imkoniyatini yaratgan edi.

Ushbu qaror yurtimizda kuchlarni birlashtirish va IT ekotizimini har taraflama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekistonda IT Community yaratish yoʻlida yanada koʻp IT kompaniyalarni jalb qilishga yordam beradi.

3. Mazkur qaror BPO yoʻnalishi boʻyicha AQShdan bevosita buyurtmalarni jalb qilishga yoʻnaltirilgan, chunki aynan AQSh ushbu xizmat turiga boʻlgan talab borasida yetakchilik qiladi. BPO – bu biznes xizmatlarni autsorsingi boʻlib, Oʻzbekiston IT eksporti uchun eng istiqbolli yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Bu faktning toʻgʻriligini IT xizmatlar eksporti hajmi 1,6 mlrd dollarni tashkil qiladigan Hindiston tajribasi ham dalillaydi.

Shu bilan birga, bu qaror: IT Park rezidentlarini jahon bozorida targʻib qilish va korporativ boshqaruvga doir ilgʻor tizimlarni tatbiq etish; rezidentlar uchun IT buyurtmalarni jalb qilish imkoniyatini yaratish, ichki bozorda eng yaxshi amaliyotlarni qoʻllash uchun tashqi bozor tajribasini oʻrganish; IT kompaniyalarning eksport layoqatini oshirish kabi vazifalarni ham amalga oshirishga imkoniyat beradi

Startap ekotizimini rivojlantirish qismi boʻyicha

1. Startap loyihalar va IT kompaniyalar kraudfanding (ommaviy moliyalash) yoʻli bilan sarmoya olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

2. Istiqbolli startap loyihalar moliyalashtiriladi va vazirliklar va davlat organlari faoliyatiga tatbiq etiladi.

3. Oʻzbekistonning muhandislik-texnik, matematik, tabiiy fanlarga oid va ijtimoiy OTMlarida iqtisodiyot va axborot texnologiyalari yoʻnalishi boʻyicha biznes inkubatorlar tashkil etiladi.

4. Venchur moliyalash masalalari yuzasidan qonun hujjatlariga quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha taklif kiritiladi: opsiyali shartnoma; kraudfanding boʻyicha kelishuv; kichik biznesga sarmoya.

Bu nimani anglatadi?

1. Bugungi kunda kraudfanding startap loyihalari uchun investitsiyalarni jalb qilishda eng yaxshi natijalarni koʻrsatmoqda, shuningdek, ushbu band: zamonaviy investitsiya trendlarilarini joriy etish orqali mahalliy IT bozorning jozibadorligini oshirish; shartnomalar tuzishda IT-kompaniyalar va startap loyihalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish; IT biznesdagi munosabatlarni soddalashtirish orqali yanada koʻp mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan.

2. Mazkur qaror endi faoliyatini boshlagan startapchilarni oʻz loyihalarini joriy qilishda qoʻllab-quvvatlashga, shu jumladan, davlat organlari bilan hamkorlikda loyihalarni joriy qilish hisobiga ularning tajribasini oshirish va ulardagi koʻnikmalarni qoʻllash uchun yosh IT mutaxassislarni yuksaltirish; IT kasblar jozibadorligini oshirish va ushbu sohaga koʻproq yosh mutaxassislarni jalb qilishda yordam beradi.

3. Oʻqitishning innovatsion usullarini joriy etish va taʼlim tizimining amaliy qismini orttirish, istiqbolli yosh avlodni koʻpaytirish, ularda tadbirkorlikka oid koʻnikma va mahoratlarni kuchaytirish orqali istiqbolli gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash va kadrlar sizishining oldini olish.

4. Faoliyatini kengaytirish, yangi bozorlarni qamrash uchun resurslarga ehtiyoj sezayotgan ham yangi startap jamoalar, ham tajribali IT kompaniyalar uchun sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish.  Xalqaro tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, venchur moliyalash ilgʻor texnologiyalarga toʻgʻridan-toʻgʻri taʻsir qilishning eng muvaffaqiyatli tajribasi boʻlib, nafaqat ularni yaratish, balki amalga oshirish, yaʻni toʻliq biznesga aylanishida katta yordam beradi.

IT taʼlimni rivojlantirish qismi boʻyicha:

1. “One Million Uzbek Coders” platformasida oʻqitish 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab 9-11sinf oʻquvchilari, Oʻzbekiston akademik litsey va OTMlarida informatika fani doirasida amalga oshiriladi.

Bu nimani anglatadi?

1. Ushbu qadam raqamli savodxonlik, yosh avlodning raqamli koʻnikmalari; mamlakatda IT kasblarni rivojlantirish darajasi, mahalliy ishlab chiquvchilar tomonidan IT loyihalarning amalga oshirish sifati oshiradi, shuningdek, mahalliy IT bozor uchun raqobat sharoitlarini yaratadi.

IT Markazlarni rivojlantirish qismi boʻyicha:

1. IT-Markazlar IT yoʻnalishi boʻyicha xorijiy taʼlim dasturlarini, shu jumladan, biznes-jarayonlarni autsorsing qilish (BPO) dasturlarini mahalliylashtirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari uchun iIT sohasi boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish bilan shugʻullanadi. Bundan tashqari, IT-Markazlar yangi IT tanlovlar, chempionatlarni va xakatonlarni tashkil qiladilar.

2. IT-Markazlar zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, mobil robototexnika boʻyicha bir qator tadbirlarni o‘tkazadi.

3. IT Park filiallarini qurish ishlarini 2021-yilning iyul oyida yakunlash rejalashtirilmoqda.

Bu nimani anglatadi?

1. Bugungi kunda karantin choralari va pandemiya bilan bogʻliq tarzda dunyoda yuz bergan vaziyat davlat va aholi hayotining barcha sohalariga axborot texnologiyalarini joriy etish zarurligini koʻrsatdi. Biroq, ushbu texnologiyalarni yaratish va amalga tatbiq etish uchun mutaxassislar, shuningdek, raqamli jihatda savodxon aholi talab etiladi. Shu maqsadda IT-Markazlar har bir hududda, shu jumladan, chekka tumanlarda tashkil etiladi, 2022-yilga kelib esa ularning soni 188 taga yetadi.

2. Robototexnika axborot texnologiyalari sohasida yana bir istiqbolli yoʻnalish  hisoblanadi. Robotlarni dasturlash bolalikdan boshlab bolalar va yoshlarning IT sohasiga  boʻlgan qiziqishini kuchaytiradi, bunga sabab ushbu jarayon geymifikatsiya rejimida amalga oshishidir. Bu esa kelajakdagi IT mutaxassislarni tarbiyalashga tamal toshi boʻlib xizmat qiladi.

3. IT-Markazlardan tashqari Oʻzbekistondagi yosh IT mutaxassislarning soni va sifatini oshirish maqsadida mamlakatimizning viloyatlarida IT Parkning xuddi shunday  infratuzilmaga ega boʻlgan toʻlaqonli filiallari ham barpo etiladi.

IT Park infratuzilmasini rivojlantirish qismi boʻyicha:

1. Toshkent shahrida joylashgan Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab hududida IT Park filiali quriladi.

Bu nimani anglatadi?

1. Eng yaxshi xorijiy tajribalarni tahlil qilish mahalliy IT hamjamiyatini bir joyda toʻplash va uni zarur zamonaviy infratuzilma bilan taʻminlash zarurligini koʻrsatmoqda. Bunga AQShdagi mashhur Silikon vodiysidan tortib Isroil, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur va boshqa mamlakatlardagi texnoparklarni misol qilish mumkin. Rejadagi IT Park infratuzilmasi bu shunchaki biznes ofislar yigʻindisi emas, balki taʻlim, biznes, turar-joy, hordiq va boshqalarni oʻz ichiga oladigan ekotizimning butun majmuasi boʻlib, aniqroq aytganda, IT mutaxassis yangi mahsulotlarni erkin va qulay tarzda yaratishi uchun  zarur boʻlgan barcha sharoitlarni qamrab oladi.

2. 2019-yilda Al-Xorazmiy nomidagi IT maktabning yangi binosi ochildi. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan yoshlar oʻzlarining nazariy bilimlarini amalda qoʻllashlari, yosh startapchilarga aylanishlari va oʻz mahsulotini ilmiy bosqichdan monetizatsiya bosqichiga oʻtkazishlari, yaʻni yosh IT ishbilarmonlarga aylanishlari uchun bevosita yaqin joyda IT Parkning Toshkent filialini ochish taklif etildi.

Ushbu choralar Oʻzbekiston Respublikasida IT ekotizimini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, u yaqin kelajakda IT xizmatlar eksportini koʻpaytirish orqali ilk natijalarni namoyish etadi, bu esa mamlakatimiz iqtisodiyoti va  fuqarolarimizning turmush darajasiga ijobiy taʻsir koʻrsatadi.

2020-04-30