2021-yil 13-15-oktyabr kunlari IT Park “Welfare Investment Alliance” Konsalting kompaniyasi (O‘zbekiston) bilan hamkorlikda CEO Club Ukraine (Chief Executive Officers Club Ukraine), CFO Club Ukraine (Chief Financial Officers Club Ukraine) va O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston-Ukraina biznes uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha IT Park direktori o'rinbosari Boxodir Ayupov, "Welfare Investment Alliance” asoschisi, O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi sobiq favqulodda va Muxtor elchisi Alisher Abdualiyev, “Welfare Investment Alliance” direktori va asoschisi Shoaziz Shoziyatov, “CFO Club Ukraine” kompaniyasi egasi va direktori Natalya Russkina, “O‘zbekiston respublika tovar birjasi” AJ strategik rivojlantirish, moliya va korporativ boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari Kristina Prokudina va boshqalar bo‘lishdi.
Ishbilarmonlik uchrashuvi ishtirokchilari iqtisodiyotning eng muhim sohalarida aloqalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berib, IT va telekommunikatsiya, bank-moliya va elektrotexnika, turizm, transport va logistika, oziq-ovqat sanoati, to'qimachilik, charm-poyabzal va tibbiyot sohalarida istiqbolli loyiha takliflarini muhokama qildilar.
Tadbir yakunida O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
2021-10-16