23–24-mart kunlari IT Park Delegatsiyasi va tashkilotning rezident-kompaniyalari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida boʻlib oʻtgan axborot texnologiyalari boʻyicha «INDIASOFT 2022» xalqaro koʻrgazma-konferentsiyasiga tashrif buyurishdi.
IT Park delegatsiyasida mahalliy IT-kompaniyalar vakillari ham bor edi, xususan: «MAAB INNOVATION» MChJ, «EUROSOFT» MChJ, «INFO ZONE» MChJ, «SSP-MAROQAND» UE, «IBRAGIMOV-SALE» MChJ, «MAYASOFT» MChJ, «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi», «UNICON-SOFT» MChJ, «MAROQAND» MChJ, «UPSOFT» MChJ va boshqalar.
INDIASOFT – butun dunyo axborot texnologiyalari boʻyicha muvaffaqiyatli koʻrgazma hisoblanadi, uning maqsadi esa Hind IT-xizmat provayderlari va xalqaro mijozlar oʻrtasida fintech, kiberxavfsizlik, robotlashtirilgan jarayonlarni avtomatlashtirish, sunʼiy idrok, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, taʼlim texnologiyalari, tibbiyotda IT, BPO va telekommunikatsiya uskunalari sohalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
Ushbu tadbirda dunyoning 60 ta mamlakatidan 200 dan ortiq korxonalar ishtirok etdi, jumladan: BAA, Jazoir, Bangladesh, Belgiya, Braziliya, Kanada, Chili, Kolumbiya, Daniya, Misr, AQSh, Rossiya, Yaponiya, Singapur, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqalar.
Tadbir davomida ishtirokchi-kompaniyalarga xalqaro kompaniyalar vakillari bilan uchrashish va aloqa o‘rnatish, eng so‘nggi innovatsion yechimlar va jahon tendensiyalari haqida ma’lumot olish, IT sohasidagi eng yaxshi mutaxassislar bilan tanishish, hamda, kompaniya brendining qiymatini va xabardorligini oshirish imkoniyati berildi.
IT Park delegatsiyasi BPO (Business process outsourcing) va dasturiy taʼminot sohalarida 100 ga yaqin xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi.
IT Park vakillari va rezidentlar, «NeoSoft», «Marwari Catalysts», «VueNow», «Twinzo» va «Divergent Technologies» xorijiy kompaniyalari bilan uchrashuvlardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasida dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorlik bildirdilar va kelgusidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun keyingi muzokaralar oʻtkazishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, quyidagi kompaniyalar bilan oʻzaro hamkorlik memorandumlari va shartnomalar tuzildi: «ZOHO Corporation», «Mango IT Solutions», «BluCursor LTD», «Khazim IT Solutions», «Patrons HUB», «EazyERP» va «Serosoft».
«Bunday xalqaro tadbirlarda ishtirok etish mahalliy IT-kompaniyalarga xorijiy loyiha va buyurtmalarni jalb qilish, O‘zbekiston Respublikasining IT-sohasini rivojlantirishda katta rol oʻynaydi», – deydi IT Park rezidenti, «EUROSOFT» MChJ rahbari Murodjon Ganiyev.
2022-04-02