IT Park direktori, Farhod Ibragimov: “biznesni rivojlantirish kerak, ITʻsiz esa bu imkonsiz”

2020-yilning 14-avgustida IT Park direktori, Farhod Ibragimov PDP Academy oʻquv markazi tomonidan tashkil qilingan onlayn mitapda ishtirok etdi.

Ushrashuvda Farhod Ibragimov, Oʻzbekistonda malakali IT mutaxassislarni tayyorlash uchun nima qilish kerakligi va buning uchun qanday taʼlim zarurligi haqida gapirib berdi. Shuningdek, IT Park direktori IT sohasida taʼlim xizmatlarini taqdim qiluvchi IT Park rezidentlari hamda Oʻzbekiston bozorida IT sohasini rivojlantirish uchun nima qilish kerakligi haqida soʻzladi.

Onlayn mitapda Farhod Ibragimov shu va yana koʻplab boshqa savollarga javob berdi.

Ushbu maqolada biz mitap mehmonlari nimani muhokama qilganliklarini qisqacha bayon qilishga harakat qildik.

Birinchi oʻrinda taʼkidlash joizki, IT Park direktori, Farhod Ibragimovning soʻzlariga koʻra universitetlarda ITʼni oʻrganish unchalik ham yomon emas. Biroq IT Akademiya, IT Markazlarning afzalligi shundaki, akademiyada oʻqish amaliy koʻnikmalar va oʻzlari ham amaliyotchi IT mutaxassis boʻlgan ustozlarni beradi. Afsuski, universitetlarda bunday emas.

Farhod Ibragimov ishlay oladigan va yuqori natijalar koʻrsata oladigan yaxshi IT mutaxassislar, kadrlarga katta talab borligini aytib oʻtdi. Bugungi kunda esa Oʻzbekistonda bunday kadrlar koʻp emas. Shu tufayli ham IT Parkda oʻsishi, ishlashi va rivojlanishi mumkin boʻlgan tashabbuskor kadrlarni tayyorlovchi 16 ta taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi rezidentlar faoliyat koʻrsatmoqda.

Farhod Ibragimovning aytishicha, avvallari odamlar ITʼni faqatgina TATUʼda oʻqish kerak, buning hammasi qiyin va tushunarsiz, deb oʻylashardi. Endi esa, jumladan One Million Uzbek Coders loyihasi tufayli odamlar bu oson va barcha-barcha uchun ochiq ekanligini tushunishadi.

“Ayni paytda biz barcha viloyatlarda IT taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan IT Markazlarni ochmoqdamiz. Viloyatlarda yangi kadrlarni tayyorlagan holda, biz viloyatlik tadbirkorlarga koʻmak beramiz, axir Respublika buyurtmalaridan tashqari mintaqaviy loyihalar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning loyihalari ham bor. Bugungi kunda ushbu talablarni viloyatda amaliyot oʻtayotgan mutaxassislar hisobiga qondirish mushkul. Shuningdek, tadbirkorlar biznesini rivojlantirishi kerakligini, ITʼsiz esa bu imkonsiz ekanligini tushunishni boshlashganiga eʼtiborni qaratish lozim”, qoʻshimcha qildi Farhod Ibragimov.

Suhbat davomida Farhod Ibragimov IT Parkʼning bir maqsadi haqida aytib berdi – xorijiy kompaniyalar bilan 15% dan 60 % gacha ulushda autsorsda va shu bilan birga xorijiy loyihalarni jalb qilgan holda ishlovchi kompaniyalar sonini oshirish.

Ushbu loyihalarni qayerdan olish mumkinligi haqida soʻrashganida, u loyihalarni jalb qilishning yoʻllaridan biri Amerika Qoʻshma Shtatlari boʻlib, u yerda IT Park vakolatxonasi mavjudligini taʻkidladi. IT Parkʼning AQSHdagi vakolatxonasini rivojlantirgan holda, Oʻzbekiston bozori uchun turli loyihalarni olish mumkin.

“Mening asosiy maqsadim, yetarlicha mablagʻga ega odamlar BPO kompaniyalarini ochishlari va bu sohada rivojlanib, yiliga 2,5–3,5 million dollar topishlaridir. Bu ertak emas, bu kabi kompaniyalar haqiqatdan ham yurtimizda mavjud. Autsorsda kim shuncha pul topadi?”, deydi Farhod Ibragimov.

Ushbu qizgʻin suhbat yakunida, Farhod Ibragimov bugungi yoshlarning har narsaga, ham pul, ham kasbga tezlikda va koʻp harakat qilmasdan erishishni istashlariga javoban oʻz shaxsiy hayotidan misol keltirib, quyidagilarni aytib berdi: “19 yoshligimda 30 yoshga kirganimda 1 000 dollar topishni maqsadim qilar edim. Ammo maqsadimga oldinroq erishdim va 30 yoshimga yaqin ulkan rejalar tuzdim. Lekin, eng muhimi, maqsadim bir oy oldin emas, balki 10 yil oldin qo'yilgandi. Yaʼni, yoshlarga uzoq muddatli rejalar tuzishni va ularga erishish yoʻlida rivojlanishlarini, ishlashlarini, oʻqishlarini va eng muhimi, sabr qilishlarini maslahat beraman. Axir, bir yilda kompaniya direktori boʻlib qolish mumkin emas-ku, bilim orttirish, tillarni oʻrganish, qobilyatlarni shakllantirish mumkin.  Har holda, IT-mutaxassis boʻlishni istaganlar qoniqarli natijaga erishish uchun kamida 3 yillik maqsadlarini aniq belgilash va harakat qilish kerakligini yaxshi bilishadi. Bu sohada eng muhim jihat shuki, agar siz dasturlashni bilsangiz, hech qanday muammo yoʻq: tashqi omillar, tanishlar va boshqalar sizning muvaffaqiyatingizga taʼsir qila olmaydi. Farzandlariga bosim oʻtkazadigan ota-onalarga kelsak, mening ham farzandlarim bor, kattasi endigina  7 yoshda. Ota sifatida men uning IT mutaxassis boʻlishiga koʻzim yetmaydi, chunki unda tillarni oʻrganish qobiliyati yuqoriroq. Shuning uchun oʻzi xohlamasa, uni biror narsani oʻrganishga majbur qilmayman. Hamma narsa oʻziga bogʻliq. Kichik oʻgʻlimning esa, dasturlashni oʻrganish salohiyati bor. Mening vazifam unga barcha sharoitlar yaratib berish, majburlash emas. Eng muhimi, farzandlarimni universitetga kirishlariga majbur qilmayman. Men ularni faqat diplomga emas, balki bilim olishga yoʻnaltiraman. Albatta, bu diplom talab etiladigan mutaxassisliklarga aloqadar emas. Mening maslahatim, farzandlarimizga IT yoʻnalishlarni tanlov sifatida beraylik, yagona yoʻl sifatida emas."

Mitapni toʻliq quyidagi havola orqali koʻrishingiz mumkin: https://www.youtube.com/watch?v=_7yCRQnn0_A&t=1s

2020-08-18