Bugun, 2020-yil 10-fevral kuni IT-Parkning innovatsiyalar boʻyicha direktor oʻrinbosari Abdulahad Qoʻchqorov G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialiga tashrif buyurib, u yerda “Startup – Oʻzbekistondagi ekotizim” mavzusidagi taqdimot bilan chiqish qildi, shuningdek, u Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishda IT-Parkning oʻrni haqida gapirdi.
Universitetning kovorking-markazida boʻlib oʻtgan ushbu uchrashuv davomida Oʻzbekistonda startaplarni tashkil etishning ahamiyati haqida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Talabalar ushbu mavzuga katta qiziqish bildirdilar, koʻplab foydali va qiziqarli savollarni berdilar va umuman olganda oʻzlarining ijobiy va faol tomonlarini namoyish etdilar.
Abdulahad Qoʻchqorov shuningdek talabalarga IT-Park faoliyati haqida, tashkilotning inkubatsiya va akseleratsiya dasturining birinchi mavsumidan oʻtgan startaplar haqida, mamlakatimiz hayotida muvaffaqiyatli startapga aylanishning eng samarali va yaxshi natija beruvchi usullari haqida gapirib berdi.
2020-02-10