IT Park Farg‘onada yangi filiallarini ochadi

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Farg‘onaga bordi. Viloyatda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, IT sohasida ta’lim va tadbirkorlik uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Delegatsiya tarkibidan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktor Mahliyo Muksinova, xalqaro marketing bo’yicha direktor Jamila Xalibaeva va mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha direktor  Azam Abdullayev o‘rin oldi.

Tashrif chog‘ida delegatsiya Sayilgoh va Al-Farg‘oniy ko‘chalari kesishmasida joylashgan eko-shaharcha hududida qurilayotgan IT Park binosiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu obyekt IT Park’ning hududlardagi eng yirik filialiga aylanishi kutilmoqda. U umumiy maydoni 22 610 kvadrat metrni tashkil etuvchi 13 qavatli bino bo‘ladi.

Bino ichida 950 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 50 ta o‘quv xonasi bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda yana 500 kishiga xizmat ko‘rsata oladigan imkoniyat mavjud. Shuningdek, 188 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona, o‘qituvchi va ma’muriy xodimlar uchun xonalar, ikkinchi va uchinchi qavatlarni egallaydigan kutubxona, to‘rtta majlislar zali, 450 o‘ringa mo‘ljallangan kongress-zal barpo etiladi. Ushbu markaz hududiy ta’lim va innovatsion ekotizimda muhim bo‘g‘inga aylanadi.

Tashrif davomida IT Park vakillari Farg‘ona shahridagi yangi filial ochilishi rejalashtirilgan sobiq 225-sonli ATS binosini ham ko‘zdan kechirishdi. Mazkur bino IT-kompaniyalar, mutaxassislar va startaplar ehtiyojlarini hisobga olgan holda ofislar va kovorking maydonlari uchun qayta jihozlanadi. Zamonaviy texnologik biznes talablariga javob beradigan qulay va moslashuvchan muhit yaratiladi.

Bundan tashqari, delegatsiya Toshloq tumanidagi IT-shaharchaga tashrif buyurdi. Bu yerda maktab o‘quvchilari va talabalarga dasturlash, 3D-bosma, robototexnika va xorijiy tillar o‘rgatilmoqda. Ushbu maskanlar nafaqat kelajakdagi IT-mutaxassislarini tayyorlaydi, balki olis hududlarda sifatli ta’limga keng yo‘l ochib, mintaqaviy raqamli transformatsiyaning mustahkam poydevorini yaratmoqda.

Bugungi kunda IT Park’ning Farg‘ona filialida 107 ta rezident faoliyat yuritmoqda, ulardan 24 ta kompaniya AQSH, Xitoy, Rossiya, Polsha, Qozog‘iston, Turkiya, Isroil, Yaponiya, BAA, Singapur, Tailand va Hindistonga IT-xizmatlar eksportini amalga oshirmoqda. Allaqachon 1300 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Qator kompaniyalar esa “Zero Risk” dasturidan foydalanmoqda — ushbu davlat dasturi mamlakat hududlarida o‘z ofislarini ochayotgan IT-tadbirkorlar uchun boshlang‘ich xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Raqamli transformatsiya jarayoni O‘zbekistonning tobora ko‘proq hududlarini qamrab olmoqda va Farg‘ona asta-sekin uning markazlaridan biriga aylanmoqda. Infratuzilmaning rivojlanishi, yangi filiallar va ta’lim maskanlarining ishga tushirilishi mahalliy IT-tashabbuslarning o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda, mintaqa salohiyatini ro‘yobga chiqarib, aholining zamonaviy imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

2025-07-21