IT Park Uzbekistan “GITEX Asia” tadbirida faol ishtirok etib, Singapur, Malayziya, Hindiston va Yaponiya kompaniyalari vakillari bilan 20 dan ortiq B2B-uchrashuvlar o‘tkazdi. Natijada animatsiya, grafik dizayn, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash sohalarida autsorsing buyurtmalari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
“GITEX Asia 2025” 1000 dan ortiq global kompaniyalar va startaplarni, 25 000 nafardan ziyod professional tashrif buyuruvchilarni va 120 dan ortiq mamlakatdan 250 dan ortiq investorlarni bir joyga to‘pladi. Ko‘rgazmada sun’iy intellekt, fintech, kiberxavfsizlik va raqamli sog‘liqni saqlash sohalariga alohida e’tibor qaratildi.
SGTech va Suntec Singapur Convention
“SGTech” va “Suntec Singapore Convention” tashkilotlari bilan o‘tkazilgan strategik muzokaralar davomida tomonlar 2025-yil 23-may kuni Singapurda bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Tech & Services Conference” tadbiriga tayyorgarlikning yakuniy bosqichlarini kelishib oldilar. IT Park vakillari O‘zbekistonning investitsiya va autsorsing salohiyatini taqdim etib, mamlakatning Markaziy Osiyo va MDHga chiqish uchun qulay markaz sifatidagi o‘rnini ta’kidladilar.
Industrial Growth Platform Inc. (IGPI)
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan Yaponiyaning “Industrial Growth Platform Inc.” (IGPI) konsalting kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo va MDHga kengayish imkoniyatlarini namoyish etdi. “IGPI” bilan muzokaralarning keyingi bosqichi may oyida Yaponiya va Singapurda bo‘lib o‘tadigan konferensiyalar doirasida rejalashtirilgan.
Asosiy uchrashuvlar
Asosiy uchrashuvlar orasida “Xtremax”, “vSaaS Consulting”, “IT Group”, “RPI eSolutions” va “Normality Technology” kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Natijada animatsiya, grafik dizayn, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash sohalarida autsorsing buyurtmalari bo‘yicha dastlabki kelishuvlar IT Parkning eksportga yo‘naltirilgan rezident kompaniyalari bilan batafsil ishlab chiqiladi.
IT Park Uzbekistan’ning “GITEX Asia 2025”dagi ishtiroki O‘zbekistonga raqamli texnologiyalar sohasidagi istiqbolli hamkor sifatida qiziqish tobora ortib borayotganini tasdiqladi. Mintaqaviy uchrashuvlar, erishilgan kelishuvlar va tayyorlanayotgan Singapurdagi konferensiya mamlakatning Janubi-Sharqiy Osiyo bozoridagi mavqeini mustahkamlab, IT-xizmatlar eksportining ko‘payishiga, investitsiyalarni jalb qilishga va o‘zbek kompaniyalarining global maydondagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu tashrif 23-may kuni bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Tech & Services Conference” konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan. Mazkur tadbir Singapur kompaniyalarining 100 dan ortiq vakillarini O‘zbekistonda mavjud imkoniyatlar haqida xabardorligini oshirish va Janubi-Sharqiy Osiyodan eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni jalb qilish uchun bir joyga to‘playdi. Konferensiya doirasida ITES va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun o‘sish imkoniyatlari taqdim qilinadi, shuningdek, Singapur kompaniyalarining O‘zbekistondagi muvaffaqiyat tarixi namoyish etiladi.
2025-05-01