IT Park hududidagi obyektlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqaruv kompaniyasini tanlash uchun tanlov
“IT-Park” hududida investitsiya loyihalari doirasida barpo etilayotgan obyektlarning texnik taʼminoti, muhandislik, taʼmirlash va boshqa turdagi ekspluatatsiya xizmatlarini markazlashgan holda koʻrsatish boʻyicha Boshqaruv servis kompaniyasini tanlash uchun tanlov eʼlon qilinadi.
Tanlov “IT-Park” Maʼmuriy kengashi tomonidan tasdiqlangan mezonlar (quyida keltirilgan) asosida oʻtkaziladi.
Tanlovda ishtirok etmoqchi boʻlgan yuridik shaxslar oʻz arizalarini 2023-yil 3-avgustdan 15-avgustga qadar “IT-Park”ning yuridik manzili boʻyicha taqdim etishlari mumkin. Muhrlangan arizalarni qabul qilishning yakuniy muddati 2023-yil 14-avgust soat 17:00 ga qadar.
Tanlov shartlari boʻyicha tushuntirishlar olmoqchi boʻlgan shaxslar har kuni (shanba va yakshanbadan tashqari) soat 10:00 dan 17:00 ga qadar “IT-Park” yuridik manzili boʻyicha murojaat etishlari mumkin boʻladi.
Masʼul xodim: Baxridinov Nizomiddin, Bog‘lanish uchun : 90 9016909
“IT-Park” hududida barpo etilayotgan obyektlarning texnik taʼminoti, muhandislik, taʼmirlash va boshqa turdagi ekspluatatsiya xizmatlarini markazlashgan holda koʻrsatish boʻyicha Boshqaruv servis kompaniyasini tanlash uchun mezonlar:
1. Tanlov ishtirokchilari tomonidan xizmat koʻrsatishi kerak boʻlgan tizimlar va hududlar tavsifi:
- Bino va inshootlar majmuasini elektr taʼminoti tizimi;
- Gaz taʼminoti tizimi;
- Maʼmuriy va kommunal bloklarni, texnik binolar va inshootlarni isitish (issiqlik taʼminoti) tizimi;
- Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi;
- Ventilyatsiya va havo sovitish tizimi;
- Maʼlumotlarni uzatish, telekommunikatsiya tarmoqlari, kirishni boshqarish nazorati, video kuzatuv, qoʻriqlash signalizatsiyasi tizimi;
- Yongʻindan himoya qilish tizimi;
- Binolar ichki va tashqi hududlari;
- Binolarning sirtqi qismidagi derazalari;
- Tashqi hududda joylashgan yashil zonalar (bogʻ va maysazorlar).
2. Yuqorida koʻrsatilgan tizim va hududlarni parvarish qilish va xizmatlar majmuini koʻrsatish uchun tanlov ishtirokchilariga qoʻllanadigan mezonlar:
- Obyekt hududidagi tizimlarga xizmat koʻrsatuvchi malakali mutaxassislar mavjudligi;
- Maʼlumotlarni uzatish, telekommunikatsiya tarmoqlari, kirishni boshqarish nazorati, video kuzatuv, qoʻriqlash signalizatsiyasi tizimlariga xizmat koʻrsatish huquqini beruvchi ruxsatnoma (litsenziya) mavjudligi;
- Yongʻindan himoya qilish tizimiga xizmat koʻrsatish huquqini beruvchi ruxsatnoma (litsenziya) mavjudligi;
- Sirtqi derazalarni yuvish uchun balandlikda ishlashga ruxsatnmasi boʻlgan malakali xodimlari va tashkilot nomiga berilgan, balandlikda ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi ruhsatnoma (litsenziya) mavjudligi;
- Issiqlik taʼminoti tizimi (qozonxona) operatori mavjudligi;
- Ishlar va xizmatlarni toʻla va uzluksiz amalga oshirish uchun kerakli asbob va uskunalar mavjudligi;
- Tanlov predmetidagi xizmatlarni (toʻliq yoki qisman) koʻrsatish boʻyicha faoliyat olib borayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot mavjudligi;
- Tashkilotning soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi yoʻqligi;
- Tashkilot koʻrsatiladigan xizmatlarning tannarxiga nisbatan ishlab chiqarish jarayonidagi boshqa xarajatlari (foizda) hamda rejalashtirilayotgan rentabellik (foizda) eng yuqori darajasi toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etilishi talab qilinadi. Bunda, davlat yetkazib beruvchi tashkilotlari (elektr, suv, tabiiy gaz, kanalizatsiya taʼminoti) tomonidan joriy narxlarni oʻzgarishini inobatga olgan holda xizmatlar kalkulyatsiyasiga buyurtmachi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Izoh. tanlov ishtirokchilariga qoʻllanadigan mezonlar yuzasidan taqdim etilgan hujjatlar tegishli shartnomalar, guvohnomalar nusxalari va rasmiy maʼlumotnomalar bilan birga taqdim etiladi.