Joriy yilning 25-mart kuni IT Parkʼning Jizzax filialida startap-loyihalar uchun korporativ akselerator doirasida Demo Day bo‘lib o‘tdi.
IT Park Jizzakh dasturida korporativ akselerator ishtirokchilari startap loyihalarini ishlab chiqish maqsadida 2 oy davomida IT, tadbirkorlik, marketing va boshqa sohalarda yuqori malakali mutaxassislar koʻmagida oʻz malakasini oshirdilar.
Dastur so‘ngida ishtirokchilar tantanali Demo Dayʼda hakamlar, yirik kompaniya va tashkilotlar rahbarlariga o‘z ishlanmalarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldilar.
Demo-kunida hakamlar hay’atining asosiy a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish Vazirligining tijoratlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Otabek Musurmonov, Respublika Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xorijiy investitsiyalar boshqarmasi mutaxassisi Humoyun Xolmamatov, “Alitech” MChJ Rahbari Alisher Musurmonov.
Shuningdek, tadbirga quyidagi mehmonlar taklif etildi: TeamIT o‘quv markazining rahbari Sardor Isroilov, iTeach o‘quv markazi ma’muri Otabek Ravshanov, Best Academy o‘quv markazi rahbari Javlon Turdibekov va Jizzax politexnika instituti inkubatsiya markazi koordinatori Dilshod Kulmuradov.
Demo Dayʼda 3 ta startap ishtirok etdi, xususan:
1. WEBPROGRESS – IT sohasida yoshlarni oʻrgatish uchun platforma va ilova. Ushbu platformaning asosiy afzalliklari quyidagilardir: oflayn va onlayn tarzda oʻqish imkoniyati, taqdim etilgan kontentning dolzarbligi va sifati, maqbul narxlar va foydalanuvchilarga qulay interfeys.
2. MyCenter – biznes, loyiha va hamkorlikni boshqarish CRM va kundalik biznes-jarayonlarini soddalashtiradigan platforma.
3. Onlayn taʼlim tizimi – mobil ilova va turli yoʻnalishlar boʻyicha kurslarda oʻqish uchun sayt. Ushbu ilovaning afzalliklari quyidagilardan iborat: professional ustozlar mavjudligi, maqbul narxlar, mavjud boʻlgan turli xil kurslardan tanlash imkoniyati, oʻqitish uchun barcha zarur resurslar va maʼlumotlarning mavjudligi, hamda, eshitish qobiliyati past boʻlganlar uchun kurslardan oʻtish imkoniyati.
Shu kuni startaplar taqdimotidan so‘ng “MyCenter” startap egasi Qodir Berdiyev va “Best Academy” o‘quv markazi rahbari Javlon Turdibekov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va shundan so‘ng tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Natijada korporativ akselerator ishtirokchilari ishtirok etish sertifikatlari bilan taqdirlandilar.
2022-02-28