IT Park korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimining muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ldi

IT Park xalqaro ISO 37001:2016 standartiga muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlashdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu esa tashkilotning har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyaga qarshi kurashishga bo‘lgan qat’iy intilishini tasdiqlaydi.

23-avgust kuni “CERT International” xalqaro auditorlik tashkiloti IT Park Uzbekistan’ga ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikatini topshirdi. Bu xalqaro standart talablariga javob beradigan korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimining samaradorligini tasdiqlovchi hujjatdir. ISO 37001:2016 sertifikatining qo‘lga kiritilishi IT Park rahbariyatining maqsadli faoliyati natijasi bo‘lib, halollik, mas’uliyat va yuqori axloqiy standartlarga rioya qilishga qaratilgan korporativ madaniyatni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

IT Park 15 dan ortiq korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish orqali o‘zining korrupsiyaga qarshi siyosatini davom ettirmoqchi. Mazkur tashabbus Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida amalga oshiriladi.

Ushbu sertifikatning mavjudligi butun IT Park tashkilotiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, barcha ichki va tashqi biznes jarayonlarining shaffofligi hamda samaradorligini tasdiqlab beradi. ISO 37001:2016 sertifikati, shuningdek, mamlakatga yangi xorijiy hamkorlarni ko‘proq jalb etishga yordam beradi va O‘zbekistonning xalqaro biznes standartlariga amal qiladigan ishonchli IT-markaz ekanligini isbotlaydi.

2024-08-23