IT Park’ning Koreyadagi vakolatxonasi ikki mamlakat IT-sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda davom etmoqda

Seuldagi IT Park Uzbekistan vakolatxonasi mamlakatni yangi IT-hab sifatidagi nufuzini faol ravishda ilgari surmoqda, asosiy IT-kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, mamlakatlar o‘rtasidagi texnologik hamkorlik uchun O‘zbekistonning salohiyatini namoyish etmoqda.

IT Park’ning Koreyadagi vakili Nodirbek Berdikobilov IT sohasi yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, biznes imkoniyatlari, qo‘shma loyihalar istiqbollari va Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston ekotizimiga integratsiyalashuvi yo‘nalishlarini taqdim etdi.

Chungnam provinsiyasidagi kompaniyalar bilan uchrashuvlar

“Future Tech”, “Pion”, “Proe” va “Innobase” — Janubiy Koreyaning Chungnam provinsiyasida joylashgan taniqli va muvaffaqiyatli kompaniyalar bo‘lib, ko‘plab sohalar uchun dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va taqdim etish bilan shug‘ullanadi. Masalan, “Future Tech” kompaniyasi ko‘cha chiroqlarini ishlab chiqish, yoritish uchun IT-yechimlarni yaratish va sensorlar uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqish sohasidagi innovatsiyalari bilan mashhur. Ushbu yechimlar shahar infratuzilmasi sifatini yaxshilash va turli sohalarda energiya samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Nodirbek Berdikobilov ushbu kompaniyalar vakillarini O‘zbekistonda xorijiy investorlar va korxonalar uchun ochilayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirdi. Koreys tilini biladigan ko‘plab IT-mutaxassislarga, shuningdek, O‘zbekistonning yuqori texnologiyali loyihalarni rivojlantirish va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu muhokama doirasida “Future Tech”, “Pion”, “Proe” va “Innobase” kuchlarni birlashtirish va O‘zbekistonda mahalliy kadrlarni jalb qilgan holda mamlakatimizdan IT-jarayonlarni amalga oshirish uchun bek-ofis vazifasini bajaradigan yangi IT-kompaniyani ochishga qiziqish bildirdilar. Qo‘shma loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishi, shuningdek, O‘zbekiston uchun texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.

JSmartSolution

Shuningdek, Seuldagi IT Park ofisida “JSmartSolution” bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kompaniya zavodlar uchun aqlli boshqaruv yechimlarini taqdim etish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda kompaniyada 45 kishi faoliyat yuritadi, 2023-yilda aylanmasi 16 million dollarni tashkil etdi.

Muzokaralar chog‘ida asosiy e’tibor xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda minimal xarajatlar bilan ofis ochish imkonini beruvchi “Zero Risk” dasturi taqdimotiga qaratildi. “JSmartSolution” vakili O‘zbekistonda ofis ochishga qiziqish bildirib, biznes yuritish uchun qulay sharoitlar va ular orqali yanada rivojlanish istiqbollarini ta’kidladi.

KITC

Nodirbek Berdikobilov Janubiy Koreyaning “KITC” IT-konsalting kompaniyasi ijrochi direktori Kay Chay bilan samarali uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

“KITC” — Janubiy Koreyaning yetakchi IT-konsalting kompaniyalaridan biri bo‘lib, yuqori sifatli konsalting va texnologik yechimlarni taqdim etib, xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritadi. Kompaniyada 99 nafar yuqori malakali mutaxassis ishlaydi va uning aylanmasi 2023-yilda 15 million dollarni tashkil etdi. So‘nggi yillarda “KITC” O‘zbekistonda 4 ta yirik konsalting loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan ishonchli hamkor sifatida o‘zini ko‘rsatdi, bu kompaniyaning mintaqada hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini tasdiqlaydi.

Kompaniya O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilishga, jumladan, Koreya IT-kompaniyalarini jalb qilish va texnologiyalar hamda innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni yaratishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, “KITC” O‘zbekistonda o‘z filialini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqish niyatida ekanligini tasdiqladi. Bu o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, mamlakatda texnologik sektorni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ta’minlash imkonini beradi.

Smart Solutions 2024

Nodirbek Berdiqobilov Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan “Smart Solutions 2024” konferensiyasida faol ishtirok etdi. Tadbirda axborot texnologiyalari, Smart Farm, sun’iy intellekt, Smart Factory va boshqa innovatsion yechimlar kabi yuqori texnologik va istiqbolli sohalarda faoliyat yurituvchi 90 ga yaqin yetakchi kompaniyalar to‘plandi. Kompaniyalar o‘z yutuqlarini namoyish etib, sanoat qiyofasini o‘zgartiradigan va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadigan ilg‘or IT-yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha tajriba almashdilar.

Konferensiya davomida IT Park Uzbekistanning Janubiy Koreyadagi vakili ushbu kompaniyalar vakillari bilan bevosita muloqot qilish va O‘zbekiston texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlar uchun taqdim etayotgan katta imkoniyatlar haqida so‘zlab berish imkoniga ega bo‘ldi. U Koreyaning texnologiya gigantlari bilan faol hamkorlik qilish muhimligini va O‘zbekiston IT, sun’iy intellekt, aqlli fabrikalar va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun taklif qilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlarni ta’kidladi.

Muloqot natijasida Koreyaning “ILJINHOLDINGS”, “WonJin Solutions”, “Koolon Venit”, “Kbridge” va “RISTI” kabi bir qator yirik va istiqbolli IT-kompaniyalari bilan muloqotni davom ettirish va hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu kompaniyalar O‘zbekiston bilan qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga qiziqish bildirdilar va mamlakatda texnologik taraqqiyot va startap ekotizimining o‘sishi uchun yangi ufqlarni ochadigan investitsiyalar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorliklarini bildirdilar.

DX Campus Conference

Nodirbek Berdiqobilov Seulda bo‘lib o‘tgan “DX Campus Conference” muhim anjumanida ishtirok etdi. Ushbu keng ko‘lamli tadbir sanoatda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etishga hissa qo‘shadigan yetakchi tashkilotlardan biri “KOIIA” tomonidan tashkil etildi. Konferensiya zamonaviy biznes qiyofasini faol o‘zgartiruvchi raqamli transformatsiya, robototexnika, avtomatlashtirish va boshqa innovatsion texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi soha mutaxassislari va yetakchilarini bir joyga to‘pladi.

Tadbir doirasida Nodirbek Berdikobilov raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan muhokamalar va sessiyalarda faol qatnashdi, shuningdek, O‘zbekiston texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlar uchun taqdim etayotgan imkoniyatlar va istiqbollar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, konferensiya davomida Koreyaning “PoweAuto Robotics”, “T3 Solution”, “UVC”, “The Salt” va “EMRO” kabi bir qator yetakchi kompaniyalari bilan kelgusida hamkorlik qilish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Robototexnika, jarayonlarni avtomatlashtirish va yashil texnologiyalar sohalarida ilg‘or ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi ushbu kompaniyalar O‘zbekistonda o‘z bek-ofislarini tashkil etish imkoniyatlariga qiziqish bildirdilar.

Shinest

Shuningdek, Koreyada xavfsizlik bo‘yicha direktor Kim Yong Chan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyodagi muvaffaqiyatli tajriba va o‘sib borayotgan imkoniyatlarni hisobga olgan holda, “Shinest” kompaniyasi ham yaqin kelajakda O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda.

Ushbu qaror kompaniya biznesi uchun yangi istiqbollarni ochib beradi va O‘zbekistonning texnologik va innovatsion tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni ta’minlaydi. Kompaniya IT sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni ishga tushirishni maqsad qilgan, bu esa O‘zbekistonning xalqaro texnologik ekotizimdagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.

“Shinest” kompaniyasi sun’iy intellekt (SI) va bulutli texnologiyalar sohasida ilg‘or yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan innovatsion texnologik korxonadir. 2023-yilda kompaniyaning aylanmasi 10 million dollarni tashkil etdi, bu uning barqaror o‘sishi va xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritganidan dalolat beradi, xodimlar soni 55 kishini tashkil etadi. Kompaniyaning mijozlari qatorida “Kookmin Bank”, “LG Electronics”, “Naver Cloud”, “BeeTok”, “Wallet”, “Sugar Link” va boshqalar kabi yirik kompaniyalar bor.

Solutec (Solution Technology)

Texnologiyalar va innovatsion yechimlar sohasida o‘zini muvaffaqiyatli ishtirokchi sifatida ko‘rsatgan Solutec kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Solutec” Ruanda va Laos kabi mamlakatlarda ofislarga ega bo‘lib, u yerda turli sohalar uchun yuqori texnologiyali yechimlarni taqdim etib, o‘z loyihalarini faol rivojlantirmoqda. 2023-yilda kompaniyaning aylanmasi 11,3 million dollarni, xodimlari soni 31 kishini tashkil etdi, bu uning barqaror o‘sishi va xalqaro maydonda muvaffaqiyatli rivojlanishini ko‘rsatadi. Kompaniyaning mijozlari orasida “GS Shop”, “KT telecom”, “Doosan”, “SK Telecom”, “Korea Economics Newspaper”, “Hyundai Glovis”, “KEB Hana Bank”, “Nuhyup Bank” va boshqa yirik xalqaro korporatsiyalar mavjud.

Uchrashuv davomida “Solutec” vakillari O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo bozorlarida o‘z ishtirokini kengaytirishga qiziqish bildirdilar va mamlakatda yangi ofis ochish istiqbollarini muhokama qildilar. Kompaniya mamlakat yuqori texnologik loyihalarni rivojlantirish uchun taqdim etayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi va mahalliy hamkorlar bilan faol hamkorlik qilishga intilmoqda. Solutec yaqin vaqt ichida qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish va mamlakatda ofis ochish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston texnologiya va innovatsiyalar sohasida xorijiy investorlar uchun strategik jihatdan muhim bozor hisoblanadi. “Solutec” kompaniyasi mintaqadagi o‘z ta’sirini kengaytirish uchun mahalliy vakolatxona ochishni muhim qadam sifatida ko‘rib chiqmoqda. IT Park Uzbekistan xalqaro kompaniyalarga biznes uchun qulay sharoitlar taklif etish orqali bunday tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu imkoniyatlar yuqori malakali kadrlar, rivojlangan infratuzilma hamda raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida davlat va xususiy muassasalar bilan hamkorlik qilishni o‘z ichiga oladi.

“Seulda” IT Park vakolatxonasining ochilishi va “Smart Solutions 2024”, “DX Campus Conference” kabi bir qator xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etishi O‘zbekistonning jahon texnologiya maydonidagi o‘z mavqeyini kengaytirishga qaratilgan strategik yo‘nalishini ko‘rsatmoqda. Ushbu tashabbuslar nafaqat Janubiy Koreya bilan ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki O‘zbekistonda yuqori texnologiyali loyihalarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlar ham yaratadi. Bularning barchasi O‘zbekistonga texnologik startaplar va xalqaro IT-kompaniyalar uchun IT-habga aylanish, shuningdek, uning Markaziy Osiyodagi eng yirik IT-markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi.

2024-12-23