IT-Park “Open Data” konferensiyasida hakaton haqida e'lon qildi!

2019-yil 27-sentyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida AKT haftaligi doirasida “Open Data Tashkent 2019” ochiq ma'lumotlari bo`yicha xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi, unda IT-Park Direksiyasi ishtirok etdi.

Konferensiyada O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalida ochiq ma'lumotlarni joylashtirish va yangilash uchun mas'ul vazirliklar va boshqa idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, ochiq ma'lumotlar sohasidagi xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar, IT-mutaxassislari, Toshkent shahridagi Inha universiteti o`qituvchilari va talabalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Xalqaro konferensiyani o`tkazish maqsadlari qatorida, O`zbekiston Respublikasida ochiq ma'lumotlarni yanada rivojlantirish bo`yicha mamlakat rahbariyati tomonidan qo`yilgan vazifalarni, xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi  “Davlat boshqaruvining ochiqligini ta`minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4273-sonli qarorini o`z vaqtida va sifatli bajarish ham nazarda tutildi.

Tadbir doirasida IT-Park direktori Farhod Ibragimov ochiq ma'lumotlarning muhimligini ta'kidladi: “Bizda IT-Parkda inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga qabul bo`lganida, loyihalarda taqdim etilgan ma'lumotlarning soni va sifati yetarli emasligi sababli, biz mazkur jamoalarni qanday baholash borasida ikkilangan edik, shuning uchun umid qilamizki, ochiq ma'lumotlar bo`yicha Markaziy Osiyodagi birinchi hakaton – “Open Data Challenge 2019” munosabati bilan ishtirokchilar Open Data axborotlaridan foydalanib, IT-mahsulotlarini yaratadilar va yangi ochiq ma'lumotlar tufayli bir kun kelib, O`zbekistonda birinchi yakkashoh-kompaniyalar paydo bo`ladi. Shuni tushunish kerakki, Open Data nafaqat IT-kompaniyalari uchun, balki hamma o`ziga kerakli ma'lumotlarni olishi uchun O`zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun ham zarur”.

Shuningdek, Farhod Zairovich bo`lg`usi “Open Data Challenge 2019” hakatonini - ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda ilovalarni ishlab chiqish bo`yicha yillik tanlovni e'lon qildi.

Hakaton “Open Data Challenge 2019” — bu axborot texnologiyalari, tadbirkorlik va O`zbekiston iqtisodiyotida Ochiq ma'lumotlarni rivojlantirishga qaratilgan startaplar tanlovi.

IT-Park direktori o`rinbosari Abdulahad Qo`chqorov ushbu tanlov tafsilotlarini quyidagicha aytib berdi: “Ochiq ma'lumotlar bo`yicha hakatonning maqsadlari quyidagilar: ushbu sohada davlat va mintaqaviy hokimiyat organlari vakillarining, shuningdek, hakaton ishtirokchilarining vakolatlariga mos, professional hamjamiyatni rivojlantirish, davlat va mintaqa ochiq ma'lumotlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish. «Open Data Challenge 2019» davlat hokimiyati organlari va mahalliy o`zini-o`zi boshqarish organlari vakillarining ochiq ma'lumotlar ko`rinishidagi ma'lumotlarni oshkor qilishga bo`lgan qiziqishini kuchaytiradi, ochiq ma'lumotlar to`plamlarini tayyorlash va nashr etish sifatini, shuningdek, ma'lumotlar bazasida ishlab chiqilgan, ochiq ma'lumotlar shaklida joylashtirilgan ilova va xizmatlar bozorini rivojlanirishga yordam beradi”.

Ushbu tadbir O`zbekiston Respublikasi Davlat qo`mitasi tomonidan Jahon banki, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park), YeXHTning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyihalarni boshqarish milliy agentligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

2019-01-10