IT Park rezidenti, “PointAI” kompaniyasi “DOMINO Ventures” investitsiyalarini jalb qildi

Oʻzbekistonlik startap “PointAI” IT Park hamkori, Markaziy Osiyodagi texnologik loyihalarga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan — “DOMINO Ventures” venchur fondidan sarmoya jalb qilganini maʼlum qildi.

“PointAI” kompaniyasiga 2023-yilda Azamat Hamidov va Asloxon Xoshimxoʻjayev tomonidan asos solingan boʻlib, IT Park rezidenti va elektron tijorat uchun sunʼiy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va joriy etishga ixtisoslashgan istiqbolli startap hisoblanadi. “PointAI” mahsulotlari yordamida kompaniyalar qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishlari, mijozlar ehtiyojini qondirish darajasini oshirishlari va yiliga $100 000 gacha mablagʻ tejashlari mumkin.

“DOMINO Ventures” tomonidan kiritilgan sarmoyalar startapga oʻz jamoasini kengaytirish, mahsulotini rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqish imkonini beradi. “PointAI” kompaniyasi hammuassisi Azamat Hamidov “DOMINO Ventures” fondi tomonidan taqdim etilgan koʻmakdan xursandligini bildirib, bu kompaniyaning oʻsishini tezlashtirishga va uning mahsulotlarini yanada koʻproq elektron tijorat kompaniyalariga taqdim etishga yordam berishini taʼkidladi.

“DOMINO Ventures” kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Mustafo Kopuk oʻzbek startaplariga sarmoya kiritish muhimligini taʼkidlab, “PointAI” kompaniyasining muvaffaqiyati mintaqa tadbirkorlarining Oʻzbekiston startap ekotizimida qiymat yaratish va ijobiy oʻzgarishlarni ragʻbatlantirish borasidagi ulkan salohiyatiga yaqqol misol ekanini eʼtirof etdi. “PointAl” kabi istiqbolli startaplarni qoʻllab-quvvatlash orqali “DOMINO Ventures” kompaniyasi Oʻzbekistonda startap ekotizimini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishni maqsad qilgan.

2024-03-01