IT Park rezidenti «ZIP24» TATU bilan hamkorlik memorandumini imzoladi  

2021-yil 16-noyabr kuni  IT Park rezidenti «ZIP24» va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Muhammad al-Xorazmiy o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumning maqsadi yosh mutaxassislarni axborot texnologiyalarini tatbiq etishda qo‘llab-quvvatlash, dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalar, tadbirlar va mahorat saboqlarini tashkil etish, jumladan, TATU talabalarining «ZIP24» – «Shipox» hamda «Storfox» loyihalarida ishtirok etishni oʻz ichiga oladi.

Memorandum imzolanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda «ZIP24» kompaniyasi asoschisi Muzaffar Qoraboyev, universitet rektori Baxtiyor Mahkamov hamda universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

«Ushbu memorandum doirasida TATU rahbariyati bilan bir qator muzokaralar olib bordik.  Talabalar va korxona uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xususan, talabalarga  amaliyot o‘tashlari, kelgusida ishga joylashishi uchun qanday imkoniyatlar yaratishimiz mumkinligi haqida so‘z yuritildi.  TATU hamkorlik taklifimizni iliq kutib oldi», — deydi Muzaffar Qorabayev.

Shuningdek, «ZIP24» va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti oʻrtasida memorandum imzolanishi universitet talabalariga startap loyihalar boʻyicha oʻz gʻoyalarini amalga oshirishni boshlash, shuningdek, ishga tushirish uchun mablagʻ olish imkoniyatini beradi.

2021-11-17