IT Park Uzbekistan’da rahbariyat va rezidentlar, jumladan, “BRIO GROUP” (Oson), “E-LINE PRESS”, “PROINFO” va “INTELLIGENT SOLUTIONS” kabi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda IT-eksportni rivojlantirish, rezidentlar faoliyat turlarini kengaytirish va xalqaro bozorlarga chiqishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy tashabbuslar muhokama etildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston IT-sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shadigan rezidentlar xizmatlari va faoliyat yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Rezidentlar jarayonlarni optimallashtirish va xizmatlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq takliflar berdilar, bu esa xalqaro hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Rezidentlar xalqaro maydonga chiqmoqda
“E-LINE PRESS” Qozog‘iston bozoriga kirib bormoqda — kompaniya o‘z xizmatlarini eksport qilishni boshladi va allaqachon “Local2Global” (L2G) dasturidan foydalanishni ko‘zlamoqda. Bu dastur o‘zbekistonlik IT-kompaniyalarga xorijda o‘zini namoyon etishga yordam beradi. Qozog‘iston — birinchi qadam, ammo “E-LINE PRESS”ning maqsadlari bundan ham kattaroq.
Shu bilan birga, “BRIO GROUP”, “E-LINE PRESS” va “INTELLIGENT SOLUTIONS” kompaniyalari xorijiy bozorlarni faol o‘rganmoqda. Bu esa IT Park rezidentlarining global kengayish va xalqaro IT-sahnada o‘z mavqeini mustahkamlashga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi.
“Oson” vakillari yangi bozorlarni, xususan, Ozarbayjon, Turkiya, Dubayni faol o‘zlashtirayotgani va allaqachon bir nechta mamlakatlarda o‘z yechimlarini taklif qilayotgani haqida ma’lumot berdi. Hozirda jamoa xorijiy vakolatxonalarni ochish ustida ishlamoqda va foydali aloqalar hamda hamkorliklar o‘rnatishda IT Parkning ko‘magiga umid qilmoqda.
Shuningdek, uchrashuv davomida IT Park xalqaro IT-kompaniyalar uchun yangi rejimni taqdim etdi. Sodda qilib aytganda, bu — O‘zbekistondan eksport yo‘nalishida biznesni rivojlantirmoqchi bo‘lganlar uchun yaratilgan “yashil yo‘lak”dir. Sharoitlar yaratildi, endi esa navbat faollik ko‘rsatadigan bozor ishtirokchilariga.
SSOW Europe 2025: O‘zbekiston Portugaliyaga yo‘l oladi
IT Park rezidentlari 19–23-may kunlari Eshtorilda bo‘lib o‘tadigan autsorsing va BPO bo‘yicha asosiy global konferensiyalardan biri — “SSOW Europe 2025”ga taklif etildi. Bu sohaning xalqaro yetakchilari bilan bevosita muloqot qilish va foydali aloqalar o‘rnatish imkoniyatidir.
Keyingi qadamlar
Uchrashuv rezidentlarning ichki bozordan tashqariga chiqishga qiziqishi barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatdi. “Enterprise Uzbekistan”, “Local2Global” dasturlari, shuningdek, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish — qo‘llab-quvvatlashning muhim vositalariga aylanmoqda. IT Park rezidentlarni kengayish va global raqamli iqtisodiyotga integratsiyalashuv yo‘lida strategik ravishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.
2025-04-07