IT Park rezidentlari Octobank internet-ekvayringi orqali xalqaro bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi

IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova va “Octobank” elektron tijorat departamenti direktori Pavel Limorenko hamkorlik memorandumini imzoladilar. Endi IT Park rezidentlari “Octobank” internet-ekvayringi yordamida dunyo bo‘ylab to‘lovlarni qabul qila oladilar. Bu O‘zbekiston IT-kompaniyalarining xalqaro bozorga chiqishini yengillashtiradi.

“Octobank” — O‘zbekiston bozorida 20 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan universal bank. Bank raqamli xizmatlar va ekvayringni rivojlantirmoqda. “E-commerce Central Asia Expo” forumida “Octobank” “2024-yilda O‘zbekistonda elektron tijoratda yetakchi bank-ekvayer” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Asosiy kelishuvlar

Hamkorlik doirasida “Octobank” o‘yin xizmatlari va SaaS yechimlarini ishlab chiqayotgan texnopark startaplariga chegaralararo hisob-kitoblar uchun to‘lov infratuzilmasini taqdim etadi. Bunday hamkorlik IT Park rezidentlariga tezkor va xavfsiz xalqaro to‘lovlardan foydalanish imkonini beradi, bu esa ularning global bozordagi faoliyatini sezilarli darajada osonlashtiradi va raqobatbardoshligini oshiradi.

“Ishonchimiz komilki, ushbu memorandum rezidentlarimizning eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ladi va ularga global raqamli iqtisodiyotga tezroq qo‘shilish imkonini beradi,” — dedi IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova.

“Biz IT Park’ning samarali faoliyatini va har bir rezidentni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini yuqori baholaymiz. Ushbu hamkorlik O‘zbekiston IT-kompaniyalarini yangi bozorlarga chiqish uchun vositalar bilan ta’minlab, mamlakatning eksport salohiyatini kuchaytiradi,” — dedi “Octobank” elektron tijorat departamenti direktori Pavel Limorenko.

IT Park va “Octobank” o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston IT-kompaniyalari uchun yangi istiqbollarni ochib, ularga xorijiy bozorlarga chiqish va xalqaro elektron tijoratda o‘z mavqeini mustahkamlash uchun zamonaviy vositalarni taqdim etadi.

2025-04-16