Mamlakatning IT sohasini rivojlantirishda asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lgan IT Park Uzbekistan o‘z rezidentlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Buning uchun muntazam ravishda uchrashuvlar va muhokamalar tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlarning maqsadi nafaqat fikr-mulohazalar olish, balki o‘sish uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash, yordam ko‘rsatish va ekotizim ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
GotoStans kompaniyasi bilan uchrashuv
“GotoStans” kompaniyasi ofisida IT Park jamoasi bilan rezident rahbariyati o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. 2018-yilda asos solingan ushbu kompaniya dasturiy ta’minot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va o‘z mahsulotlarini AQSh, Shveytsariya, BAA, Ozarbayjon, Turkiya, Finlyandiya, Kipr, shuningdek, MDH va boshqa mintaqalar davlatlariga faol tarzda eksport qiladi.
Uchrashuv davomida 2025-yil oxirigacha eksportni rivojlantirish rejalari va xalqaro bozorlardagi o‘z mavqeyini mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi. IT Park vakillari maslahatlar berish va xalqaro hamkorlik tarmoqlariga kirish imkoniyatini ta’minlash orqali ko‘maklashishni taklif etdilar.
APPLIED LABS (AQSH) kompaniyasi bilan uchrashuv
Shuningdek, IT Park vakillari eksportga yo‘naltirilgan dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan “APPLIED LABS” kompaniyasi bilan uchrashdi. Mazkur kompaniya xorijiy hamkorlar bilan faol hamkorlik qilib, AQSh bozoriga yo‘naltirilgan.
Uchrashuv davomida eksportni kengaytirish va Amerika bozoridagi o‘rnini mustahkamlash imkoniyatlari muhokama etildi. IT Park har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi, jumladan potensial mijozlar, hamkorlar va investorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishda, xorijiy bozorlarga chiqishning huquqiy va moliyaviy jihatlari bo‘yicha maslahat berishda, shuningdek xalqaro biznes hamjamiyatlari va soha tadbirlariga kirishni ta’minlashda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
“O‘zbekistonning IT-xizmatlar sohasidagi salohiyati ancha yuqori. Hozirgi kunda mamlakatda IT-kompaniyalar uchun ko‘plab imtiyozlar mavjud bo‘lib, bu xalqaro miqyosda rivojlanish va raqobatbardoshlik uchun qulay sharoitlar yaratmoqda. Kompaniyamiz dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, raqamli mahsulotlar yaratish va ma’lumotlarni tahlil qilishga ixtisoslashgan. Eksport hajmimiz 1 million dollardan oshadi. Kelajakda bu summani ko‘paytirish va jamoamizni kengaytirish rejalarimiz bor,” — deya ta’kidladi “APPLIED LABS” direktori To‘lqin Erkin.
Bundan tashqari, tomonlar IT Park rezidentlariga o‘z aloqa tarmog‘ini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va global bozorda o‘z mavqeyini mustahkamlash imkonini beradigan AQShdagi ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar va texnologik forumlarda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
ROBOFINANCE kompaniyasi bilan uchrashuv
Keyinchalik IT Park jamoasi “ROBOFINANCE” kompaniyasi vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. 2015-yilda asos solingan Singapur kompaniyasi fintech yechimlar va onlayn kreditlashga ixtisoslashgan bo‘lib, moliya sohasiga IT-yechimlarni joriy etadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Singapurda joylashgan, shuningdek, Filippinda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, Xorvatiya, Ispaniya, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham ofislari mavjud.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston kompaniyasining 2025-yil oxirigacha eksportini oshirish masalalari, shuningdek, IT Park ekspertizasini talab qiladigan vazifalar muhokama etildi. IT Park vakillari huquqiy va tartibga solish masalalarida, jumladan, soliq ma’muriyatchiligida, intellektual mulkni himoya qilishda va faoliyatni mahalliy qonunchilik talablariga moslashtirish bo‘yicha ko‘mak berishga tayyorliklarini bildirdilar.
Shuningdek, operatsion jarayonlarni optimallashtirish yo‘llari, yangi bozorlarga chiqish strategiyalari va raqobatdagi ustunliklarni kuchaytirish mexanizmlari ham muhokama qilindi.
Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi IT Park’ning o‘z rezidentlarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan sadoqatini ko‘rsatadi. Doimiy muhokamalarga ko‘ra, kompaniyalarning dolzarb ehtiyojlarini aniqlab, ularning o‘sishi va yangi bozorlarga chiqishi uchun samarali yechimlar taklif etish mumkin bo‘ladi.
2025-02-05