IT Park Sirdaryo viloyatida Hack4Region xakatonini o‘tkazdi

22–23-iyun kunlari “Aqlli shahar” loyihasi doirasida IT Park tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida ilk marta Hack4Region xakatoni bo‘lib o‘tdi. Xakatonda 3 ta yoshlar jamoasi o‘z innovatsion g‘oyalari bilan g‘olib bo‘lishdi.

 

Joriy yilning iyun oyi yoshlar oyligi deb e’tirof etilganligi munosabati bilan, 22-23-iyun kunlari IT Park Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda yosh avlod vakillari, shu jumladan, OTM talabalari o‘rtasida innovatsion loyihalar tanlovi Hack4Region xakatonini tashkil etdi.

Tanlov qatnashchilariga xavfsizlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, uy-joy kommunal xizmatlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida uchraydigan turli xil biznes muammolarini bartaraf etish bo‘yicha yangi loyihalarni taqdim etish imkoniyati berildi. Xakaton “Aqlli shahar” ijtimoiy loyihasi doirasida o‘tkazilganligi sababli, taqdim etilgan g‘oyalarning asosiy maqsadlaridan biri raqamli davrda biznes yuritishning umumiy qabul qilingan standartlariga muvofiq ishlab chiqarish sanoatini raqamlashtirishdan iborat bo‘ldi.

 

Qolaversa, tadbirda turli mini-tanlovlar, axborot texnologiyalari mavzusiga oid blits turnirlari, shuningdek, yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan robotlarni kurashtirish bo‘yicha musobaqalar tashkillashtirildi. Bundan tashqari, xakaton ishtirokchilari va tinglovchilariga axborot texnologiyalari sohasida faoliyat koʻrsatuvchi tajribali mutaxassislar zamonaviy dunyoda innovatsion g‘oya va loyihalarning o‘rni haqida so‘zlab berishdi.

 

Xakaton yakunida eng yaxshi innovatsion loyihalarni namoyish etgan 3 ta jamoa Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan sertifikat va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

2021-06-25