IT-Park startap loyihalari “Jefferson Capital” investorlari oldida taqdimot oʻtkazdilar

2019-yil 2-dekabr kuni IT-Parkning oltita startap jamoasi: “Fastago”, “Delivera”, “Scanqi”, “Worklance”, “Revizor” va “Lockerpost” venchur moliyalashtirishga ixtisoslashgan britaniyalik “Jefferson Capital” kompaniyasining investorlari oldida chiqish qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Uchrashuv davomida mehmonlar IT-Parkning umumiy faoliyati va ayniqsa startap jamoalarning kelajakdagi rejalari bilan tanishdilar. “Jefferson Capital” vakillari ushbu loyihalarga alohida qiziqish bildirdilar va kelgusida sarmoya kiritishlari mumkinligini taʼkidladilar. Mehmonlar tomonidan loyihalarning asosiy yutuqlari taʼkidlab oʻtildi va barcha kamchiliklari koʻrsatib berildi, shuningdek ularni bartaraf etish boʻyicha izohlar berildi. Shuningdek, Britaniya kompaniyasining vakillari IT-Parkning oʻziga ham qiziqish bildirdilar.

Uchrashuv yakuniga koʻra tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishni davom ettiradilar va IT-Parkʼning startap loyihalariga investitsiyalar kiritish ehtimolini muhokama qilishadi.

“Jefferson Capital” – bu britaniyalik mustaqil xususiy sarmoyaviy firma boʻlib, u tovarlar va koʻchmas mulk sohalaridagi investitsiya imkoniyatlarini va ularni izlashni boshqaradi.

2019-12-05