IT Park tomonidan tashkil etilgan Venture Day qanday oʻtdi?

Biroz avval IT Park Xalqaro elektroaloqa ittifoqi bilan hamkorlikda mintaqada startap ekotizimlari hamkorligini rivojlantirish platformasi – Startup Central Eurasia doirasida Venture Day tashkil qilgandi.

Forumning asosiy maqsadi mintaqaviy va xalqaro venchur fondlarining eʼtiborini Markaziy Osiyo mintaqasi va Kavkazga jalb qilish, shuningdek, startap loyihalariga kiritiladigan istiqboldagi investitsiyalarni hamda ekotizimlararo hamkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash edi.

Forumda ishtirok etish uchun 150 dan ziyod kishi ariza yubordi, shundan 90 nafari, shuningdek 11 ta venchur jamgʻarmasi forumda ishtirok etdi. Shuningdek, Oʻzbekiston vakili sifatida 6 ta strartap loyihasi ishtirok etdi, ular: All in (har kim oʻz sherigini topishi uchun barcha mijozlar, mutaxassislar va investorlarni oʻz ichiga olgan platforma). “BILLZ” (chakana savdo uchun “All in one” yechim taqdim etuvchi platforma), “Hopme” (bozor ishtirokchilari narxlari, ish jarayonlarini optimallashtirish va h.k. boʻyicha aniq maʼlumotlarni taqdim etuvchi B2B bozori), “Eduon” (oʻqituvchilar va talabalar uchun taʼlim platformasi), “Dalatek” (fermerlar maʼlumotlar bazasini yaratadigan platforma), shuningdek “Roodell connect”(avtomobilni masofadan boshqarish va uning ayrim funksiyalaridan foydalanish imkonini beradigan mahsulot).

Rejalashtirilganidek, forumning birinchi qismida hamkorlik qilish va investorlarni turli mintaqalardagi startap ekotizimlarining rivojlanishi bilan tanishtirish mavzusida dialog boʻlib oʻtdi. Mamlakatlar vakillari Markaziy Osiyo mintaqasi va Kavkazda startaplarni qoʻllab-quvvatlash va startaplar ekotizimini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan tadbirlarni qisqacha taqdim etishdi.

Forumning ikkinchi qismi mintaqalar tomonidan ingliz tilida investorlarga taqdim etilgan 20 dan ortiq startaplarning taqdimotlaridan iborat boʻldi.

Ushbu forum ishtirokchilarga bir-biri bilan tajriba almashish, tarmoqlarini takomillashtirish va yangi potensial investorlarni topish imkoniyatini berdi.

2021-06-28