Sirdaryo viloyati IT Park filialida 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar uchun IT Parkdan ilgari boshlangan “Tumaris EDU” loyihasi doirasida kompyuter savodxonligi kurslarini o‘tgan ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida Sirdaryo viloyatidagi IT Park hududiy vakolatxonasi xodimlari, Sirdaryo viloyati Mahalla qo‘mitasi va yoshlar ishlari agentligi vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu ta’lim dasturi IT mahsulotlar bozorida raqobat kuchayib borayotgan sharoitda ayollarni axborot kommunikatsiya texnologiyalariga o‘qitish, ularning amaliy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida ishga tushirildi.
Tadbir davomida malaka oshirish kursidan o‘tgan 460 nafar ishtirokchiga IT Parkdan sertifikatlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Taqdirlash marosimi yakunida 5 000 ta qadam ayollar marafoni tashkil etildi.
Respublika bo‘ylab olib borilayotgan ta’lim loyihalari fuqarolarning axborot texnologiyalari va IT sektorni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xabardorligini oshirmoqda. Ushbu dasturlarda ishtirok etish malakali mutaxassis bo‘lish yo‘lida har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan hamfikrdoshlarni, murabbiylarni topish imkonini beradi.
2021-10-20