IT Park Uzbekistan autsorsing salohiyatini mustahkamlash maqsadida Appness Techno bilan hamkorlikni ko‘rib chiqmoqda

IT Park Uzbekistan Ummonning yetakchi autsorsing kompaniyasi “Appness Techno” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv O‘zbekistonning kadrlar salohiyatini o‘rganish, mahalliy bozorni tahlil qilish va kompaniyaning mamlakatda biznes markazi yaratish rejalarini muhokama qilishga qaratildi. Muzokaralarga IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova va “Appness Techno” asoschisi Muhammad Elsadig boshchilik qildi.

2015-yilda tashkil etilgan “Appness Techno” bosh qarorgohi Maskat shahrida joylashgan Ummondagi yetakchi autsorsing xizmatlari provayderlaridan biridir. Kompaniya turli IT-yechimlarni taqdim etishga, jumladan ODOO ERP-tizimlarini integratsiyalash, IT-konsalting, veb-sayt yaratish va mobil ilovalarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning Ummon va Misrda filiallari mavjud bo‘lib, texnik innovatsiyalar va mijozlarga yo‘naltirilgan yechimlarga e’tibor qaratgan holda turli sohalar uchun xizmatlar taklif etish orqali mintaqaviy bozorda o‘z mavqeyini mustahkam saqlab kelmoqda.  

Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan vakillari mamlakatning raqobatbardosh ustunliklarini, jumladan malakali va yosh kadrlar salohiyati, biznes yuritish uchun qulay sharoitlar va IT-kompaniyalar uchun rivojlanayotgan ekotizim mavjudligini ta’kidladilar. O‘zbekistonning autsorsing markazi sifatidagi salohiyati va o‘z faoliyatini kengaytirishga intilayotgan xalqaro kompaniyalar uchun taqdim etilayotgan strategik afzalliklarga alohida e’tibor qaratildi.

“Appness Techno” mahalliy bozorni o‘rganishga qiziqish bildirdi va O‘zbekistonning mintaqaviy texnologiya markazi sifatidagi nufuzi ortib borayotganini ta’kidladi. Kompaniyaning rejalari qatoridan mahalliy va xalqaro mijozlarga yuqori sifatli IT-xizmatlar va autsorsing yechimlarini taqdim etish maqsadida bozor dinamikasi va O‘zbekistonda filial ochishning operatsion maqsadga muvofiqligini baholash o‘rin olgan. Bundan tashqari, Muhammad Elsadig kompaniyaning “Zero Risk” dasturi doirasida mahalliy infratuzilma va kadrlar salohiyatidan foydalanishga e’tibor qaratgan holda Qashqadaryo viloyatidagi imkoniyatlarni o‘rganish bo‘yicha strategik rejalarini taqdim etdi.

Mazkur uchrashuv IT Park Uzbekistan’ning innovatsiyalarni rag‘batlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va IT sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishini aks ettiradi. IT Park Uzbekistan “Appness Techno” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik qilib, O‘zbekistonning global texnologik va autsorsing loyihalarini amalga oshirish uchun raqobatbardosh yo‘nalish sifatidagi mavqeyini mustahkamlashda davom ettirmoqda.

2024-11-19