IT Park Uzbekistan BAAdagi Umma Collaborative Solutions kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

IT Park xizmatlar eksporti bo‘limi rahbari Jahongir Kagirov boshchiligidagi vakillari “Umma Collaborative Solutions” kompaniyasi asoschisi Amar Abbas bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuv Samarqandda bo‘lib o‘tgan “GCC-Uzbekistan Digital and Tech Forum”  xalqaro anjumanidan so‘ng o‘tkazildi. Forum davomida “Umma Collaborative Solutions” vakillari IT Park bilan hamkorlik qilishga va O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatiga qiziqish bildirdilar.

Umma Collaborative Solutions (UCS) — 2025-yilda Dubayda tashkil etilgan texnologik kompaniya bo‘lib, Janub mamlakatlarining muhandislik iste’dodlarini rivojlantirish, shuningdek, Osiyo, Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi korxonalari uchun xavfsiz, mustaqil va sun’iy intellektga tayyor IT-ekotizimlarini yaratish bilan shug‘ullanadi.

Kompaniyaning xizmatlar portfeli IT-infratuzilmasini boshqarish, kiberxavfsizlik, apparat va dasturiy ta’minot bo‘yicha maslahatlar, tizim integratsiyasi, o‘qitish va bilimlarni uzatishni o‘z ichiga oladi. Bularning barchasi “secure-by-design” modeliga asoslangan holda amalga oshiriladi.

Kompaniya yil oxirigacha O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishga katta qiziqish bildirdi. Dastlabki muzokaralar may oyining oxirida boshlangan bo‘lib, 23–25 iyun kunlari kompaniya vakillari Samarqanddagi xalqaro forumga tashrif buyurdilar.

Uchrashuv davomida IT Park vakillari BAA delegatsiyasi tomonidan ko‘tarilgan asosiy masalalar, jumladan, mutaxassislarni tanlashning qulayligi, “Zero Risk” dasturi va soliq imtiyozlari haqida ma’lumot berdilar.

BAA delegatsiyasi boshqaruv, IT va HR yo‘nalishlari bo‘yicha 25 kishini o‘qitish niyatini bildirdi. Tayyorgarlikdan so‘ng kompaniya MENA mintaqasi va Osiyoda xizmatlar ko‘rsatadi.

Tomonlar hamkorlikning ulkan salohiyatini ta’kidlab, kelgusida sheriklikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. IT Park Uzbekistan “Umma Collaborative Solutions” kompaniyasining rejalarini amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqada xizmatlar eksportini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

2025-06-27