IT Park Uzbekistan “CENTRAL EURASIAN VENTURE FORUM 2024” tadbirida

IT Park Uzbekistan vakillari Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan “Central Eurasian Venture Forum 2024” tadbirida ishtirok etishdi.

Central Eurasian Venture Forum — Markaziy Yevroosiyo mintaqasida venchur ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan mashhur tadbir. Forum venchur kapitalistlar, biznes farishtalar, tadbirkorlar va soha mutaxassislari uchun platforma vazifasini oʻtadi.

Bu yil forumda 50 dan ortiq mamlakatlardan 1500 nafardan ziyod vakillar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar orasida Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston va boshqa koʻplab davlatlardan IT-kompaniyalar, venchur fondlar, startaplar va boshqa texnologik kompaniyalarning birinchi rahbarlari va asoschilari bor edi. Forum oʻzaro tajriba almashish, netvorking hamda innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida investitsiyaviy tendensiyalarni muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.

Forumda Oʻzbekistondan 10 dan ortiq startap va IT Parkning rezident IT-kompaniyalari ishtirok etishdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar orasida IT Park rezidenti va Oʻzbekistondagi ilk “yakkashox” boʻlgan “UZUM” kompaniyasining bosh operatsion direktori Roman Lavrentyev ham bor edi. Roman forum qatnashchilariga Oʻzbekiston bozorining afzalliklari va xizmatlaridan mamlakatimizning 12 milliondan ortiq aholisi foydalanayotgan kompaniyaning salmoqli muvaffaqiyatlari toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

Forum davomida IT Park delegatsiyasi xorijiy venchur fondlari va investorlar, jumladan “Quest Ventures”, “MOST Ventures”, “OnPoint”, “White Hill Capital” va “Astana Hub” bilan muzokaralar olib bordi. IT Park vakillari jadal oʻsish surʼatlari, oʻzbek startaplarining sifati va miqdorini alohida qayd etgan holda Oʻzbekiston venchur ekotizimini taqdim etishdi. Xorijiy venchur fondlari Oʻzbekiston bozori va mahalliy startap loyihalariga sarmoya kiritishga, shuningdek, startaplar uchun qoʻshma tashabbuslar yaratishga ulkan qiziqish bildirishdi. Ushbu uchrashuvlar hamkorlik va Oʻzbekiston IT-sohasini rivojlantirishga sarmoya kiritish uchun yangi imkoniyatlar ochib berdi.

Xususan, “MOST Ventures” kompaniyasi asoschisi “MOST Ventures” va IT Park oʻrtasidagi hamkorlik va sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, Toshkent shahrida “biznes farishtalar klubi”ni birgalikda rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

“MOST Ventures” kompaniyasi IT Park rezidentlari uchun xalqaro buyurtmalarni izlash va IT Park rezidentlarining chet elga bozorlariga chiqishi uchun akseleratsiya dasturini oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, Singapurda joylashgan va Osiyoda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qoʻshayotgan startaplarga faol sarmoya kiritayotgan “Quest Ventures” kompaniyasining investitsiya direktori bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi. “Quest Ventures” kompaniyasining investitsiya direktori bilan oʻtkazilgan uchrashuvda “Quest Ventures” venchur fondlari va IT Park oʻrtasidagi mumkin boʻlgan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvlar Oʻzbekiston startap ekotizimini yanada rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimizning jahon IT-bozoridagi taniqliligini oshirishga strategik taʼsir koʻrsatadi. Bundan tashqari, mahalliy startaplar xalqaro ekspertlar koʻmagida oʻz loyihalarini kengaytirish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.

2024-06-12