IT Park Uzbekistan’dagi birinchi korporativ AI-hakaton natijalari

IT Park Uzbekistanda markaziy ofis va hududiy filiallar xodimlarini birlashtirgan “Build with AI” korporativ AI-hakatoni yakunlandi. To‘rt kun davomida 55 ta jamoaga birlashgan 245 nafar ishtirokchi kompaniyaning ichki jarayonlarini takomillashtirish uchun sun’iy intellektga asoslangan amaliy yechimlar yaratish ustida ishladi.

Hakaton nafaqat musobaqa, balki tajriba almashish maydoniga ham aylandi: jamoalar prototiplar ishlab chiqish, murabbiylik sessiyalarida qatnashish va loyihalarni hakamlar hay’ati oldida himoya qilish imkoniga ega bo‘lishdi. Hakamlar hay’ati tarkibiga quyidagilar kirdi: Xondamir Rahmatov, “Venkon” kompaniyalar guruhining texnik direktori; Renat Axtyamov, “Epam” direktori; Yerbol Axmetov, “Astana Hub” biznes dasturlari ofisi direktori.

Ikkinchi va uchinchi kun yakunlari

14 va 15-avgust kunlari IT Park Uzbekistan’da korporativ AI-hakaton davom etdi. Jamoalar o‘z mahsulotlarini takomillashtirdi va sinovdan o‘tkazdi, funksionallikni oshirdi va murabbiylardan maslahatlar oldi.

Ikkinchi kuni ta’limga alohida e’tibor qaratildi: IT sohasida “storytelling” va sun’iy intellekt yechimlarini amaliy joriy etish bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar olingan bilimlarni darhol qo‘llab, loyihalar mantig‘ini yaxshilash va dastlabki demo-versiyalarni tayyorlash bilan shug‘ullandi.

Uchinchi kun himoyaga tayyorgarlik bo‘ldi: jamoalar yechimlarni sinovdan o‘tkazdi, prototiplarni takomillashtirdi, taqdimotlar tayyorladi va taqdimot uchun vazifalarni taqsimladi. Ishlanmalar “Padlet” platformasiga yuklandi va kun murabbiylar bilan minnatdorchilik uchrashuvi hamda final dasturining e’lon qilinishi bilan yakunlandi.

Yakuniy kun

AI-hakatonning yakuniy kuni 16-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Bu kuni yakuniy taqdimotlar va hakamlar hay’ati oldida loyihalar himoyasi o‘tkazildi. Har bir jamoa o‘z mahsulotini namoyish etdi, hal qilinayotgan muammo haqida ma’lumot berdi, prototipning ishlashini ko‘rsatdi va ekspertlarning savollariga javob berdi.

Tanlov shartlariga ko‘ra, loyihalar beshta mezon bo‘yicha baholandi: foydalilik va kompaniyada qo‘llanilish, sun’iy intellekt vositalari va agentlaridan foydalanish, amalga oshirish sifati va soddaligi, taqdimot va himoya darajasi, shuningdek, jamoaviy ish va innovatsionlik. Final ochiq taqdimotlar shaklida o‘tkazildi: jamoalar o‘z loyihalarini himoya qildi, hakamlar hay’ati savollariga javob berdi va tayyor prototiplarni namoyish etdi.

Hakaton g‘oliblari

Tanlov natijalariga ko‘ra, “IT Park Ventures”ning “Pitch Grader” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ular taklif qilgan yechim — “AI-agent” — startap arizalarini qayta ishlashni avtomatlashtiradi, taqdimotlarni yagona mezonlar bo‘yicha tahlil qiladi va tezkor fikr-mulohazalar shakllantiradi. Bu ishlanma loyihalarni baholash vaqtini oylardan daqiqalargacha qisqartirish va tanlov sifatini oshirish imkonini beradi.

Ikkinchi o‘rinni Osiyo mamlakatlariga xizmatlar eksporti departamentining “AISIA” jamoasi egalladi. Ishtirokchilar “AI-Jon” — CRM-yordamchi loyihasini Telegram-bot formatida taqdim etdi. U kundalik vazifalarni avtomatlashtiradi: CRM profillarini qo‘shishdan tortib, follow-up xabarlarni yaratish, uchrashuvlar uchun ma’lumotnomalar tayyorlash va potensial mijozlarni qidirishgacha bo‘lgan vazifalarni bajaradi. Bunday vosita oyiga 360 soatdan ortiq vaqt va minglab dollarni tejaydi, xodimlarning charchashini kamaytiradi va ularga ko‘proq strategik vazifalarga e’tibor qaratish imkonini beradi.

Uchinchi o‘rin rezidentlar bilan ishlash departamentining (L2G/Konsalting) “Simpsons” jamoasiga nasib etdi. Ularning “Smart Search Module” loyihasi kompaniya ichidagi ma’lumotlarni qidirish va boshqarishni optimallashtiradi. Tizim tabiiy tilni tushunadi, tuzilgan filtrlarni qo‘llab-quvvatlaydi va ma’lumotlarga kirishning yagona nuqtasini ta’minlaydi. Buning natijasida qidiruv vaqti soatlardan soniyalargacha qisqaradi, xodimlarga tushadigan yuklama kamayadi.

Hududlar kesimida alohida sarhisob qilindi. IT Park rezidentlari uchun aqlli yordamchi — “Resident AI” loyihasini taqdim etgan IT Park Namangan filiali jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U kompaniyalarga majburiyatlar va muddatlarni kuzatish, moliyaviy va soliq vositalaridan foydalanish, “AI Help Desk” xizmati orqali moslashtirilgan tavsiyalar va yordam olishda ko‘maklashadi.

Hakaton xodimlarning sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashdagi yuqori salohiyatini namoyon etdi va tashkilot faoliyatiga joriy etiladigan yangi tashabbuslar uchun boshlang‘ich nuqta vazifasini o‘tadi.

2025-08-19