IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Mo‘g‘ulistondagi “Data & Analytics Forum 2024” tadbirida ishtirok etdi

IT Park delegatsiyasi Mo‘g‘ulistonga rasmiy tashrifi doirasida “Data & Analytics Forum 2024” xalqaro anjumanida qatnashdi. Tashrifning asosiy maqsadi Mo‘g‘ulistonning yirik IT va BPO-kompaniyalari bilan tanishish hamda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat edi.

Forum butun dunyodan ma’lumotlar va tahlil sohasidagi yetakchi mutaxassislarni bir joyga to‘pladi. Anjuman tufayli O‘zbekiston delegatsiyasi aloqalar doirasini kengaytirib, mo‘g‘ul hamkasblari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muzokaralar olib bordi.

Tadbir davomida Mo‘g‘ulistonning yirik IT-kompaniyalari rahbarlari, jumladan, “Mogon Group” raisi Battulga Norolxujav va “Novelsoft” kompaniyasi bosh direktori Purevmaa Batbaatar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

IT Park Uzbekistan vakillari O‘zbekistonda IT-xizmatlar biznesini yuritishning afzalliklarini taqdim etib, raqamli texnologiyalar sohasida umumiy tashabbuslarni rivojlantirish uchun Mo‘g‘uliston kompaniyalari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish muhimligini ta’kidladilar. Tomonlar muloqotni davom ettirish va qo‘shma maqsadlarga erishish uchun aniq qadamlarni belgilashga kelishib oldilar.

Shuningdek, “IT Park Mongolia” rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda IT va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. “IT Park Mongolia” direktori Zolzaya Jargalsayxan xonim O‘zbekistonda IT-sanoati va startap ekotizimining sezilarli o‘sishini ta’kidladi. U O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasidagi yutuqlari mintaqadagi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ilhomlantiradigan namuna ekanligini alohida qayd etdi.

Biz IT Park Uzbekistan bilan munosabatlarimizni yanada rivojlantirishda katta imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. Mutaxassislaringizning tajribasi va yutuqlari tahsinga sazovor, qo‘shma loyihalarimiz har ikki tomonga ham foyda keltirishiga ishonamiz, — dedi Jargalsayxan.

Tomonlar tajriba almashish, ta’lim tadbirlarini o‘tkazish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Kadrlar salohiyatini rivojlantirish va yosh tadbirkorlarga sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning IT va autsorsing sohasidagi obro‘sini mustahkamlashga, mamlakat iqtisodiyotida raqamli sektor ulushini oshirishga hamda IT-kompaniyalar va eksportni rivojlantirish orqali mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

2024-09-23