Toshkentda mintaqadagi ilk xalqaro ko‘rgazma — “Eco Expo Central Asia 2025” bo‘lib o‘tdi. Unda 30 dan ortiq mamlakat va ekotexnologiyalar, barqaror rivojlanish hamda yashil iqtisodiyot sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili doirasida tashkil etildi.
Eco Expo Central Asia — atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasidagi innovatsion yechimlarni muhokama qilish hamda namoyish etish uchun butun dunyodan yetakchi mutaxassislar, ekologlar, tadbirkorlar va faollarni jamlagan xalqaro ko‘rgazma. Ko‘rgazmada ekologiya sohasidagi sun’iy intellektdan tortib suvni tejash yechimlarigacha, yashil energetikadan ekoturizmgacha bo‘lgan barcha sohalar taqdim etildi.
IT Park Uzbekistan ko‘rgazmada faol ishtirok etib, mamlakatning IT-salohiyatini namoyish etuvchi o‘z stendini taqdim etdi.
Ko‘rgazma hududidan tashqari, IT Park Uzbekistan biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Radjabov “Yashil akseleratsiya: GCIP-Kazakhstan tajribasi va Markaziy Osiyoda barqaror tadbirkorlik istiqbollari” panel sessiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nasinbayev, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqdi. Muhokamada, shuningdek, Yashil texnologiyalar va investitsiya loyihalari xalqaro markazi bosh direktori Saken Kalkamanov, “FacePlate” xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jenibek Iskendir, “Murat Beton Technology” hammuassisi Aybek Murat va boshqalar qatnashdi.
Jahongir Radjabov O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda texnologik tadbirkorlik ekotizimi va “yashil” startaplarni qo‘llab-quvvatlash tajribasini taqdim etdi. Shuningdek, u hakatonlarni o‘tkazishning ahamiyati haqida so‘z yuritib, “Navruz Hackathon 2025” natijalari bilan o‘rtoqlashdi.
Eco Expo Central Asia 2025 startaplari
Ko‘rgazmada texnologiyalar va ekologiya chorrahasida faoliyat yuritayotgan o‘zbek startaplari alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ular suvni tejash, yashil energiya, resurslardan qayta foydalanish va sun’iy intellekt yordamida ma’lumotlarni tahlil qilish sohalaridagi innovatsiyalarni namoyish etdilar.
IT Park ko‘magida “Growz” va “Catextra” startaplari ko‘rgazmada yashil tadbirkorlikni rivojlantirish tashabbuslari bilan ishtirok etdi.
“Growz — “BIRD” dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanadigan va kichik fermerlarga mo‘ljallangan raqamli platforma. “Growz” bosqichma-bosqich agronomik yordam, kasallik va zararkunandalarning sun’iy intellekt diagnostikasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori va moliyaviy xizmatlarni o‘z ichiga olgan mobil ilovani taqdim etdi.
Startap BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning rasmiy sessiyasida ham taqdim etildi. Unda “Growz” hammuassisi va bosh direktori Murod Husanov barqaror qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish va ma’lumotlarni tahlil qilishning ahamiyati haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday yechimlar fermerlarga bilim, resurslar va mablag‘lardan foydalanishdagi bo‘shliqni to‘ldirish orqali yanada asosli va ekologik jihatdan mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi.
Catextra — bu fermer xo‘jaligidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan paxta yetkazib berish zanjirida to‘liq shaffoflikni ta’minlash uchun ishlab chiqilgan innovatsion platforma. Startap kompaniyalarga iste’molchilar ishonchini qozonish, xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lish va barqaror kelajakni yaratishga yordam beradi.
IT Park stendi ishtirokchilaridan biri bo‘lgan “Catextra” vakillari potensial hamkorlar va mijozlar bilan bir qator B2B-uchrashuvlarini o‘tkazdilar, jumladan: “Bureau Research & Consulting”, “Muna Media”, “Reikartz”, “LAB-TECH LLC”, “Uzfiltr”, “Polytron Ultra Performance”, “Legrand”, “TAF Filters”, “Apollon Injiniiring”, “Organic Living”, “Yuki”, “Ecomobile”.
IT Parkning “Eco Expo Central Asia 2025” ko‘rgazmasidagi ishtiroki O‘zbekistonning barqaror texnologik yechimlar uchun mintaqaviy markaz sifatidagi o‘sib borayotgan rolini tasdiqladi. Ko‘rgazma platformasi orqali IT Park innovatsiyalar va startaplar ekotizimi atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot tamoyillarini amalga oshirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.
2025-06-25