IT Park Uzbekistan jamoasi AQSHning Mayami shahrida oʻtkazilgan “eMerge Americas 2025” xalqaro texnologiya konferensiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Konferensiya yangi strategik aloqalar oʻrnatish, Oʻzbekistonning investitsion salohiyatini namoyish etish va mamlakatni IT hamda BPO sektorini rivojlantirish uchun istiqbolli yoʻnalish sifatida targʻib qilishda muhim maydon vazifasini bajardi.
“eMerge Americas” — AQSHning Mayami shahrida oʻtkaziladigan, 50 dan ortiq mamlakatdan 20 000 nafardan ziyod tadbirkor, investor, yuqori boshqaruv rahbarlari va innovatorlarni birlashtiruvchi yetakchi texnologiya konferensiyasidir. Bu tadbir sunʼiy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi ilgʻor texnologiyalarga eʼtibor qaratgan holda global netvorking va gʻoyalar almashinuvini ragʻbatlantiradi.
Tadbir doirasida IT Park vakillari biznesni kengaytirish va yangi imkoniyatlarni izlashdan manfaatdor boʻlgan xalqaro kompaniyalar bilan bir qator muzokaralar olib bordilar. Muhokamalarda Oʻzbekistonning kadrlar salohiyati, davlat qoʻllab-quvvatlash dasturlari, shuningdek, mamlakatning qulay geografik joylashuvi va global bozorlar bilan samarali hamkorlik qilishga yordam beradigan qulay vaqt mintaqasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Asosiy uchrashuvlar orasida Toshkentda allaqachon faoliyat yuritayotgan “First ELD” kompaniyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Kompaniya vakillari Oʻzbekiston hududida oʻz faoliyatini kengaytirish maqsadida IT Park rezidenti boʻlish istagini bildirdilar. “Indigital” kompaniyasi mamlakatni sunʼiy intellekt sohasidagi dasturchilar jamoalarini boshqarish va kommunikatsiya muammolarini hal qilish uchun potensial markaz sifatida koʻrmoqda. Shu bilan birga, “Fusion Software Solutions Co” va “Elpis Labs” Oʻzbekiston bozoridagi startaplar ekotizimi va mijozlarni jalb qilish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.
Sunʼiy intellekt koʻzoynaklarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi “Lucyd” va “Next4Growth” kabi kompaniyalar oʻzbekistonlik isteʼdodlarga alohida eʼtibor qaratishdi. Ular Oʻzbekistonda malakali mutaxassislarni jalb qilish orqali xarajatlarni optimallashtirish va oʻz loyihalari samaradorligini oshirish imkoniyatini koʻrishmoqda.
“eMerge Americas 2025” va “SSOW 2025” tadbirlarida ishtirok etish global biznes hamjamiyatining Oʻzbekistonga IT-sanoati uchun yangi jozibador markaz sifatidagi qiziqishi ortib borayotganini tasdiqladi. Keyingi bosqichda kompaniyalar bilan yakka tartibdagi muzokaralar, mamlakatga tashriflarni tashkil etish, tahliliy va taqdimot materiallarini tayyorlash rejalashtirilgan. IT Park Uzbekistan erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalar va barqaror investitsion hamkorlikka aylantirish orqali mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashda davom etadi.
2025-04-04