O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga tashrifi doirasida IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov Illinoys shtatida “Cognitus” kompaniyasining boshqaruvchi direktori Jeff Olsen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Cognitus” “SAP Gold” kompaniyasining global hamkori va innovatsion ERP-yechimlarini ishlab chiqarish hamda joriy etishga ixtisoslashgan raqamli transformatsiya kompaniyasidir. Kompaniyaning bosh qarorgohi AQShda joylashgan bo‘lib, u Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyo mintaqalarida faoliyat yuritadi. “Cognitus” ishlab chiqarish, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatib, intellektual avtomatlashtirish va sun’iy intellektni integratsiyalashga alohida e’tibor qaratadi.
Uchrashuv davomida tomonlar “Cognitus” kompaniyasining Markaziy Osiyo bozoriga kirib borish rejalari va O‘zbekistonning kadrlar salohiyatini muhokama qildilar. IT Park Uzbekistan resident kompaniyalar uchun afzalliklarni taqdim etdi: 0% soliq stavkalari, bepul ofis maydoni, IT-viza olishda ko‘maklashish va bir nechta tillarni biladigan iqtidorli kadrlar zaxirasi.
IT Park Uzbekistan kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish va filial ochishda to‘liq qo‘llab-quvvatlashni, jumladan, korporativ daromad solig‘i, xizmatlar eksporti uchun QQS va chet ellik xodimlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilishni taklif etdi. Shuningdek, Buxoro va Samarqand kabi asosiy shaharlarda bepul zamonaviy ofis maydoni va kovorking, SAP, AI va avtomatlashtirish bo‘yicha tayyorlangan texnik mutaxassislardan foydalanish imkoniyati, davlat raqamli loyihalarini ilgari surishda qo‘llab-quvvatlash va potensial hamkorlikda brend yaratish taklif etildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi SAP bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitish va ERP-dasturlash markazini yaratish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, “Cognitus” kompaniyasiga IT Park rezidenti maqomini olish va taqdim etilayotgan barcha imtiyozlardan foydalanish uchun zamin yaratish edi.
Mazkur uchrashuv jahonning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekiston IT sohasiga jalb qilishda muhim qadam hisoblanadi. IT Park Uzbekistan biznesni kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun noyob imkoniyatlar va imtiyozlar taklif etib, IT-kompaniyalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustida faol ishlashni davom ettirmoqda.
2025-04-24