IT Park Uzbekistan forum doirasida Malayziya kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Kuala-Lumpurdagi O‘zbekiston-Malayziya biznes-forumi doirasida IT Park Uzbekistan O‘zbekistonda ITes-sektor, ta’lim tashabbuslari va IT-infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan asosiy texnologik kompaniyalar bilan bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu muzokaralar xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochib, global IT-biznesning O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Upstream BPO: O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli loyihani kengaytirish

2024-yilda Sirdaryoda faoliyatini boshlagan va 80 dan ortiq ish o‘rni yaratgan “Upstream BPO” mintaqadagi o‘z mavqeyini mustahkamlashda davom etmoqda. Kompaniya Sirdaryo viloyati hokimligi bilan biznesni kengaytirish va qo‘shimcha 100 ta ish o‘rni yaratish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Malayziya IT-sektorlari o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunasiga aylandi.

UpStream BPO” allaqachon Osiyodagi eng yirik BPO-xizmatlar provayderlaridan biri bo‘lib, Malayziya va Singapurda 5000 dan ortiq xodim va ofislarga ega.

Basis Bay: raqamli infratuzilma va ta’lim tashabbuslari

Basis Bay” vakillari bilan O‘zbekistonda mamlakat infratuzilmasining muhim qismiga aylanadigan va bulutli texnologiyalar, mashinali o‘qitish hamda katta ma’lumotlarni boshqarish kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadigan ma’lumotlar markazini qurish istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari, IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv-trening markazlarini ochish rejalashtirilmoqda. Bu raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va mahalliy kadrlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Basis Bay” Malayziyada, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yevropaning 20 dan ortiq mamlakatlarida barqaror bulutli va IT-infratuzilma xizmatlarining yetakchi provayderi hisoblanadi. Kompaniya 300 dan ortiq mijozlarga, jumladan, yetakchi xalqaro moliyaviy va ko‘p millatli tashkilotlarga yordam ko‘rsatadi.

 

SCICOM: xalqaro ta’lim hamkorligini rivojlantirish

SCICOM” bilan muzokaralar O‘zbekistonda IT-mutaxassislarni tayyorlash dasturiga bag‘ishlandi. Tez orada kompaniya vakillarining tashrifi kutilmoqda. Bu keyingi qadamlarni batafsil belgilash imkonini beradi.

SCICOM” — Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yevropa va Afrika mamlakatlaridagi yirik global brendlar uchun innovatsion autsorsing yechimlari va biznes-konsaltingni taklif qiluvchi ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan yetakchi IT-xizmatlar provayderidir.

O‘zbekiston — o‘sib borayotgan IT-hab

IT Park Uzbekistan yetakchi kompaniyalar va investorlarni mamlakat IT sohasiga jalb qilish orqali xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Strategik sheriklik, yangi ta’lim tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish va texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali biznesni kengaytirish va mutaxassislarning kasbiy o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Ushbu sa’y-harakatlar xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonni o‘z loyihalarini rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalish va biznesini yangi bozorlarga kengaytirish imkoniyati sifatida ko‘radigan barqaror IT-ekotizimni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

2025-02-08