IT Park Uzbekistan Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Fransiyaga tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi, xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligida, yetakchi IT-kompaniyalar bilan bir qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashrifning asosiy maqsadi O‘zbekistonning IT-xizmatlar sohasidagi eksport salohiyatini ilgari surish, shuningdek, IT, chuqur texnologiyalar va autsorsing sohalarida yevropalik hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatishdan iborat edi.

“Viva Technology 2025” tadbirida ishtirok etish

11–14-iyun kunlari IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Yevropaning eng yirik texnologik ko‘rgazmalaridan biri — “Viva Technology 2025”da ishtirok etib, O‘zbekistonning IT va BPO sohasidagi o‘sib borayotgan salohiyatini namoyish etdi. Delegatsiya mamlakatni Fransiya va boshqa Yevropa davlatlari kompaniyalari uchun autsorsingning yangi yo‘nalishi sifatida faol taqdim etdi. Startap ekotizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi: stendda o‘zbek startapi — “Tuzuk” taqdim etildi. To‘rt kun davomida Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Turkiya va Vetnam kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib borildi.

Yevropa startap ekotizimlariga integratsiyalashuv

11-iyun kuni IT Park Uzbekistan vakillari “VivaTech” doirasida Yevropa texnologik ekotizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan “La French Tech in Europe” tadbirida qatnashdilar. Uchrashuv doirasida “French Tech” markazlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

12-iyun kuni delegatsiya “Polish Viva Technology Meetup” tadbirida ishtirok etdi, unda IT Park Polshadagi biznes ekotizimlari bilan tanishdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Groupe Outsourcia: O‘zbekiston — autsorsing uchun yangi o‘sish nuqtasi 

16-iyun kuni Fransiyada Mahliyo Muksinova “Groupe Outsourcia” kompaniyasi tijorat direktori Stefan Reber bilan uchrashuv o‘tkazdi. E’tibor markazida O‘zbekistonning yangi autsorsing manzili sifatidagi istiqbollari turdi. Fransiya delegatsiyasi mamlakatning kadrlar salohiyati, infratuzilmasi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga, jumladan, soliq imtiyozlari va xodimlarni tanlashda yordam berishga alohida qiziqish bildirdi. Tomonlar muloqotni davom ettirishga, jumladan, imkoniyatlarni batafsil o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif uyushtirishga kelishib oldilar.

“Groupe Outsourcia” — 2003-yilda tashkil etilgan va bosh ofisi Marokashning Sijilmasa shahrida joylashgan kompaniya bo‘lib, autsorsing sohasidagi yetakchi xalqaro guruh hisoblanadi. “Outsourcia” Marokash, Fransiya, Madagaskar va Tunis davlatlarida faoliyat yuritadi. 700 dan ortiq xodimga ega kompaniya “Total”, “Orange”, “Renault”, “Carrefour”, “Veepee” va “RueduCommerce” kabi xalqaro gigantlarni o‘z ichiga olgan keng doiradagi mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

Hello Tomorrow: Global chuqur texnologiyalar hamjamiyatiga qo‘shilish

16-iyun kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasi bosh direktor Arno de la Tur boshchiligidagi “Hello Tomorrow” jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllarini muhokama qildilar: o‘zbek deep tech startaplarining “Hello Tomorrow” xalqaro tashabbuslarida ishtirok etishi, qo‘shma tadbirlar va missiyalarni tashkil etish. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikni boshlash uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash tashabbusi bilan chiqishga kelishib oldilar.

“Hello Tomorrow” — 2011-yilda Parijda tashkil etilgan xalqaro tashkilot bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar asosida ilg‘or texnologiyalarni yaratuvchi chuqur texnologiya startaplarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan. Asosiy tadbir Parijda har yili o‘tkaziladigan “Hello Tomorrow Global Summit” bo‘lib, u butun dunyodan chuqur texnologiya hamjamiyatining yetakchi vakillarini birlashtiradi. Bugungi kunda “Hello Tomorrow” jamoasida 110 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi.

Realtyna: O‘zbekiston salohiyatini o‘rganish

17-iyun kuni “Realtyna” kompaniyasi bosh direktori Ali Attar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekistonni autsorsing yo‘nalishi sifatida o‘rganishga qiziqish bildirdi.

IT Park vakillari xalqaro kompaniyalar uchun ishbilarmonlik muhiti, soliq imtiyozlari va infratuzilma haqida batafsil ma’lumot berishdi. Tomonlar aloqani davom ettirishga kelishib oldilar, IT Park vakillari esa imkoniyatlar bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni taklif qildilar.

“Realtyna” — 2007-yilda tashkil etilgan va Delaver shtatining Nyuark shahrida joylashgan Amerikaning PropTech kompaniyasidir. U ko‘chmas mulk bozori uchun arzon, moslashuvchan va kengaytiriladigan veb va mobil yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. “Realtyna” tarkibida butun dunyo bo‘ylab 70 dan ortiq xodim ishlaydi.

TLScontact: O‘zbekistondagi imkoniyatlar haqida suhbat

Shuningdek, 17-iyun kuni “TLScontact” kompaniyasining xaridlar bo‘yicha direktori Rassel Steyns bilan muzokaralar o‘tkazildi. O‘zbekistondan xaridlar, logistika va yetkazib berishni boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni yollash imkoniyatlari muhokama qilindi. Mahliyo Muksinova mavjud mutaxassislar va xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida so‘zlab, ishonchli hamkorlar va xodimlarni topishda yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

“TLScontact” — xalqaro mobillik sohasida viza markazlarini boshqarish va ma’muriy qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya. “Teleperformance” guruhining bir qismi sifatida tashkil etilgan “TLScontact” 90 dan ortiq mamlakatda davlat idoralari va xususiy tashkilotlarga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya hujjatlarni qabul qilish, biometrik ma’lumotlarni yig‘ish, logistika va arizachilarga axborot yordami ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyada butun dunyo bo‘ylab 1500 dan ortiq xodim ish bilan ta’minlangan. Bosh qarorgohi Fransiyaning Parij shahrida joylashgan.

European Innovation Council (EIC): Chegarasiz innovatsiyalar

17-iyun kuni Mahliyo Mukinova “EIC Scaling” klubining investitsiya hakamlar hay’ati va Kengashi a’zosi Viktoriya Ernandes Valkarsel bilan uchrashuv o‘tkazdi. “European Innovation Council” (EIC) va O‘zbekiston IT-ekotizimi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, “EIC” startaplarini “ICT Week Uzbekistan tadbiriga taklif etish, shuningdek, o‘zbek loyihalarini Kengashning akseleratsiya dasturlari va investitsiya tadbirlariga kiritish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

“European Innovation Council” (EIC) — Yevropa Ittifoqining ilg‘or innovatsiyalar va kengayib borayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy vositasi. “Horizon Europe” dasturi doirasida tashkil etilgan “EIC” tashabbusi 10,1 milliard yevro (2021-2027) byudjetga ega. “EIC” portfeliga global bozorlarga chiqish uchun moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash olgan 500 dan ortiq startap kiradi. “EIC”, shuningdek, “EIC Fund” investitsiya fondini boshqaradi va uchinchi davlatlar, jumladan Sharqiy hamkorlik va Markaziy Osiyo bilan loyihalarni amalga oshiradi.

Fransiyadagi bir qator uchrashuvlar O‘zbekistonning IT-xizmatlar, startap ekotizimi va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Tashrif yakunida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, bitimlar tuzish, tashriflarni uyushtirish va qo‘shma loyihalarni boshlash masalalari belgilab olindi. IT Park Uzbekistan Yevropa bozorida mamlakatning eksport salohiyatini ilgari surish bo‘yicha faol ishlarni davom ettiradi.

2025-06-19