Berlinda IT Park Uzbekistan rahbariyati Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi (Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda IT Park kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov, IT Park biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Radjabov, IT Park’ning Germaniyadagi vakolatxonasi rahbari Vsevolod Li, shuningdek, Sharqiy qo‘mita direktori Mixael Xarms va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor Vladimir Nikitenko ishtirok etdilar.
Muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga, jumladan, Germaniyada qo‘shma tadbirlar tashkil etish, ixtisoslashgan uyushmalarni jalb qilish va strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatish masalalariga qaratildi. Tomonlar raqamli iqtisodiyot va investitsiya muhitini rivojlantirishda yuqori darajadagi sinergiya va manfaatlar mosligini ta’kidladilar.
So‘nggi yillarda IT Park Uzbekistan tarkibidagi nemis rezidentlari soni va ularning eksport faoliyati barqaror o‘sib bormoqda. 2024-yil oxiriga kelib, IT Park’dafaoliyat yuritayotgan Germaniya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 10 taga yetdi, ulardan 7 tasi eksportga yo‘naltirilgan.
Germaniyaga xizmatlarni eksport qiluvchi O‘zbekiston IT-kompaniyalari soni ham ko‘paydi: 27 ta kompaniya Germaniya bozoriga raqamli yechimlarni yetkazib bermoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 69 foizga ko‘pdir. 2024-yil yakuniga ko‘ra, Germaniyaga eksportning umumiy hajmi 3,85 million dollarni tashkil etib, 18 foizlik o‘sishni qayd etdi.
Germaniyaning 29 mamlakatdagi, jumladan, Markaziy Osiyodagi iqtisodiy loyihalarini nazorat qiluvchi Sharqiy qo‘mita iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, jumladan, IT, sanoat, energetika va moliya sohalarini qamrab oluvchi 400 dan ortiq yetakchi nemis kompaniyalarini birlashtiradi. Ushbu hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlash investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston hamda Germaniya texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuvning muhim natijasi Berlindagi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi binosida IT Park Germany’ni joylashtirish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Tashkilotlar strategik sheriklikni rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish niyatida.
Ofisning shaharning yirik ishbilarmonlik tumanlaridan birida, Savdo-sanoat palatasi va boshqa muhim muassasalar yaqinida strategik joylashuvi Germaniya texnologik kompaniyalari bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Uchrashuv yakunida Farhod Ibragimov Mixael Xarms va Vladimir Nikitenkoni muloqotni davom ettirish va hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston IT-kompaniyalarining xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi va axborot texnologiyalari sohasida Germaniya-O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
2025-03-05