28-aprel kuni Toshkentdagi CAEx Xalqaro ko‘rgazma markazida “INNOPROM. Central Asia” — mintaqadagi sanoat hamkorligining asosiy tadbiriga aylangan yubiley ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. IT Park Uzbekistan milliy stendning tashkilotchisi sifatida qatnashib, IT-autsorsing, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt sohalarida innovatsion yechimlarni namoyish etgan 11 ta rezidentni taqdim etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi “INNOPROM. Central Asia” xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Tadbir doirasida Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Rezidentlarning stenddagi ishtiroki
Stendda IT Park yutuqlari namoyish etildi: texnopark vakillari tashkilot faoliyati, 2700 dan ortiq rezidentga ega rivojlangan ekotizim haqida ma’lumot berdilar, shuningdek, eksport sohasidagi yutuqlarni ta’kidladilar — 100 dan ortiq rezident kompaniya Rossiyaga eksport qilmoqda, eksportning umumiy hajmi 60 million dollardan oshgan.
Ishtirok doirasida IT Park rezidentlari bo‘lgan 11 ta kompaniya, jumladan, “United IT Company”, “Uzinfocom”, “Unicon Soft”, “Abstract”, “Telecontact”, “Telecomsoft”, “Mega Group”, “Unicall”, “Grace Project”, “Speaklish” va “CallTraffic” kabi mahsulot va xizmatlar ham taqdim etildi. Har bir kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish etib, potensial hamkorlar va investorlarning savollariga javob berdi.
Xalqaro kompaniyalar bilan uchrashuvlar
Ko‘rgazma doirasida IT Park yetakchi sanoat va texnologiya kompaniyalari bilan bir qator B2B-uchrashuvlarini tashkil etdi. Muzokaralar dasturiy ta’minot ishlab chiqish, IT-yechimlar va umuman IT-autsorsing sohasidagi loyihalarga qaratildi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha:
Forsayt sessiyasi va B2R uchrashuvlar
IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov “Yangi O‘zbekiston: innovatsion tadbirkorlik va yosh mutaxassislar” forsayt sessiyasida, shuningdek, “Rossiya va O‘zbekiston hududlarining sanoat biznes alyansi: biznesdan va biznes uchun tashabbuslar” B2R sessiyasida ma’ruza qildi. Uning nutqida IT sohasini ikki tomonlama hamkorlikning drayveri sifatida rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
“Raqamli O‘zbekiston — bu endi salohiyat emas, balki haqiqatdir. Bugun biz IT Park bilan hamkorlik orqali Rossiya biznesiga MDH va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun haqiqiy imtiyozlarni taklif etmoqdamiz. Biz rezident kompaniyalar soni, ayniqsa, rossiyalik ishtirokchilar hisobiga jadal sur’atda o‘sib borayotganidan faxrlanamiz. Bizning sharoitlarimiz — soliq imtiyozlari, IT-vizalar, malakali kadrlar va rivojlangan infratuzilma — loyihalarni tezda boshlash va kengaytirish uchun noyob imkoniyatlar yaratadi. Biz sizni texnologiyalar almashish va yangi raqamli ishlanmalarni yaratish uchun ushbu platformadan foydalanishga taklif qilamiz,” — dedi IT Park Uzbekistan bosh direktori.
IT Park Uzbekistan’ning “INNOPROM. Central Asia 2025” ko‘rgazmasidagi ishtiroki mamlakatning mintaqadagi texnologik rivojlanish markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqladi va jahon sanoat yetakchilari bilan yangi qo‘shma loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratdi.
2025-04-28