IT Park Uzbekistanda “Cert International” xalqaro trening kompaniyasi tomonidan ISO 9001:2015 “Sifat menejmenti tizimi” sertifikatini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu voqea tashkilotda sifatni boshqarishga tizimli yondashuv joriy etilganini, xalqaro standartlarga mos keladigan ichki jarayonlarning shaffofligi va samaradorligi ta’minlanganini tasdiqlaydi.
Sertifikatni olish uchun IT Parkda ISO 9001:2015 standartiga muvofiq zaruriy protsessual hujjatlarni ishlab chiqqan va joriy etgan ishchi guruh tuzildi. Bu jarayonda kompaniyaning barcha bo‘lim va bo‘linmalari rahbarlari faol ishtirok etdilar. Amalga oshirilgan jarayonlarning samaradorligini baholash uchun asosiy ko‘rsatkichlar va ularni bajarish mezonlari belgilandi.
Keng ko‘lamli ishlarning natijasi sifatida auditorlik tekshiruvidan muvaffaqiyatli o‘tildi, uning yakuniga ko‘ra IT Park Uzbekistan ISO 9001:2015 xalqaro standarti bo‘yicha sertifikatlandi.
Bundan tashqari, sifat menejmenti darajasini oshirish doirasida IT Parkning 30 nafar rahbar va xodimi maxsus ta’lim oldi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan barcha ishtirokchilarga ISO 9001:2015 talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar topshirildi.
ISO 9001:2015 sertifikatini olish IT Park uchun muhim qadam bo‘lib, tashkilot, uning biznes jarayonlari va jamoasiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Ushbu yutuq xalqaro hamkorlarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va global raqamli o‘zgarishlar sharoitida IT Parkning mavqeini mustahkamlaydi.
Hozirgi kunda uning uzoq muddatli samaradorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida sifatni boshqarish tizimini auditorlar tavsiyalari asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
2024-12-24