IT Park Uzbekistan Koreya bozori bilan ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashda davom etmoqda

IT Park Uzbekistan Toshkent shahrida Koreya va boshqa mamlakatlar oʻrtasidagi savdoni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha notijorat tashkilotning vakolatxonasi — “KOTRA” agentligi tomonidan tashkil etilgan “Uzbekistan-Korea Business Partnership” deb nomlangan keng koʻlamli tadbirda ishtirok etdi. Tadbirdan koʻzlangan maqsad IT, avtomobilsozlik va kelajak texnologiyalari (BioTech va qayta tiklanuvchi energiya manbalari) sohasida Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.

Konferensiya davomida IT Park delegatsiyasi “KOTRA” agentligi, shuningdek, Koreyaning 40 ta yirik kompaniyasi va davlat idoralari uchun Oʻzbekistonning oʻsib borayotgan eksport salohiyati va inson kapitalini namoyish etdi.

“KOTRA” va IT Park vakillari oʻrtasidagi uchrashuv doirasida tomonlar Koreya IT-kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish va mamlakatda xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan korxonalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish boʻyicha kelishuvga erishdilar. Agentlik delegatsiyasi, shuningdek, mamlakatning IT-landshafti, jumladan, infratuzilma, isteʼdodlar va boshqa jihatlar bilan yaqindan tanishish maqsadida kelgusi “Global Business Services Forum” tadbiriga taklif qilindi.

Shuningdek, ikki mamlakat xususiy sektori va davlat tuzilmalari vakillari oʻrtasida bir qator G2B va B2B uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. IT Park vakillari Koreya kompaniyalari, jumladan “MegaZone Cloud”, “GB Soft” va “Firmmit” vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdilar.

Uchrashuvlar chogʻida IT-texnologiyalarini ishlab chiqish va autsorsing yoʻnalishidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, qoʻshma texnologik loyihalarni yaratish va Oʻzbekiston IT-bozoriga Koreya investitsiyalarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Koreya kompaniyalari vakillari mamlakatimizning joylashuvi, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti va yuqori malakali mutaxassislarning koʻpligi bilan Markaziy Osiyo mintaqasi va MDH davlatlari orasida strategik rolini alohida taʼkidladilar.

Bundan tashqari, koreyalik salohiyatli hamkorlar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish va xususiy sektorga zarur yordam koʻrsatish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar samaradorligini eʼtirof etishdi. Xususan, “Firmit” kompaniyasi bosh direktori Sunkee Park Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yuqori baholab, Oʻzbekiston bozoriga sarmoya kiritish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

“Uzbekistan-Korea Business Partnership” konferensiyasi Oʻzbekiston va Koreya kompaniyalari oʻrtasida yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda katalizator vazifasini bajarib, mamlakatlar oʻrtasida, ayniqsa, IT sohasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga turtki boʻldi.

 

2024-06-19