IT Park Uzbekistan Koreya IT-sektori bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘nlab yillar davomida sanoat va iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo‘lgan turli sohalarni qamrab oluvchi yaqin va samarali munosabatlarni saqlab kelmoqda. O‘zbekistonning IT va autsorsing sohasidagi koreyalik hamkorlar uchun investitsiyaviy jozibadorligi jadal sur’atda o‘sib bormoqda, shuningdek, yaqinda “Uzbek-Korean IT Business Alliance” tashkil etildi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida IT Park Uzbekistan vakillari Koreyaning yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazish va ularga mamlakatimizning biznes imkoniyatlari hamda IT salohiyatini taqdim etish uchun amaliy tashrif bilan bordilar.

EKYSS

IT Park vakillari Koreya “EKYSS” kompaniyasining prezidenti Li Xeng Jun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida hamkorlik istiqbollari va kompaniyalarning O‘zbekistonda biznesini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida dastlab Koreya “EKYSS” kompaniyasining prezidenti Li Xeng Jun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 2012-yilda asos solingan va yillik daromadi 2,6 million dollarni tashkil etuvchi “EKYSS” kompaniyasi koreys va xorijiy tillarni o‘rganish uchun IT-yechimlarni yaratish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning asosiy loyihalari — “GANADARA” va “My Pool” — ham chet elliklar, ham mahalliy aholi uchun koreys tilini o‘rgatishga qaratilgan.

IT Park mehmonlarga O‘zbekistonda xorijiy biznesni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish dasturini taqdim etdi. Bu dastur soliq imtiyozlari, butun mamlakat bo‘ylab mavjud iste’dodlar va biznesni ochish uchun xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Li Xeng Jun O‘zbekistonda faoliyatni kengaytirish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi, ayniqsa mahalliy iste’dodlar bozori salohiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u IT Park xodimlari va rezident kompaniyalarga koreys tilini onlayn o‘qitish loyihasiga ham qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida Li Xeng Junning kelgusi “ICT Week 2024” tadbiri doirasida mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishi kelishib olindi.

GeoSR

Keyinchalik “GeoSR” kompaniyasining bosh direktori Von Nam Il bilan muzokaralar olib borildi. “GeoSR” — geografik axborot tizimlari (GAT), geofazoviy tahlil va xaritalashtirish sohasida ixtisoslashgan Koreya kompaniyasidir. U geografik ma’lumotlarni boshqarish va tahlil qilish uchun yechimlar taqdim etadi, bu esa shaharsozlik, ekologiya, qishloq xo‘jaligi va transport kabi turli sohalarda asosli qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi.

Uchrashuv davomida “GeoSR” vakillari O‘zbekistonning IT-landshafti va bulutli texnologiyalarni rivojlantirish sharoitlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. “GeoSR” kompaniyasi IT Parkning “Zero Risk” dasturiga qiziqish bildirdi. Bu dastur mahalliy xodimlar uchun xarajatlarni qisman qoplash va ofislarni bepul ijaraga berishni o‘z ichiga oladi.

Von Nam Il “GeoSR” kompaniyasi allaqachon Markaziy Osiyoda faoliyat yuritganini, Tojikiston va Qirg‘izistonda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirganini ta’kidladi. U O‘zbekistonning mintaqadagi IT-hab sifatidagi salohiyatini alohida qayd etdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun “ICT Week 2024” tadbirida shaxsan tashrif buyurish istagini bildirdi.

Proxy Planet

“Proxy Planet” kompaniyasi o‘yin ishlab chiqarish va GameDev sohasidagi maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Kompaniya 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda unda 20 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Kompaniyaning 2023-yildagi daromadi 1,5 million dollarni tashkil etadi.

Proxy Planet kompaniyasi prezidenti Pak Yon Mok Ozbekistonning oyin yaratish sohasidagi salohiyatini takidlab, davlatimizning GameDev sohasiga va yoshlar qiziqishiga etiborini alohida qayd etdi. U oz kompaniyasining maslahat bolimini Ozbekistonda joylashtirish, shuningdek, Koreyadagi boshqa GameDev kompaniyalarini mamlakatga jalb qilishda komaklashish orqali IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Broken Egg

“Broken Egg” GameDev kompaniyasining bosh direktori Li San Mun bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning IT-sohasi va bulutli texnologiyalarni rivojlantirish uchun mavjud sharoitlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

“Broken Egg” kompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va 3D modellashtirish bilan shug‘ullanadi. 2023-yilda kompaniyaning aylanmasi 2 million AQSH dollarini tashkil etib, unda 15 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Li San Mun Koreyada mutaxassislar yetishmasligi va yuqori xarajatlar tufayli kompaniya xorijda ofis ochishni rejalashtirayotgani va O‘zbekistonni ehtimoliy yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi. IT Park uchrashuvlarni tashkil etish va nomzodlarni topishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida “Broken Egg” kompaniyasi imkoniyatlarni o‘rganish va nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish uchun 17-20-sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

“KOVA” kompaniyasi bilan uchrashuv

Shuningdek, “KOVA” kompaniyasining korporativ hamkorlik bo‘yicha direktori Pak Te Gin bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.

Koreya venchur biznesi uyushmasi (KOVA) turli sohalarda faoliyat yurituvchi 18 000 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirgan tashkilot hisoblanadi. 1996-yilda asos solingan uyushma istiqbolli loyihalarni, jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi tashabbuslarni moliyalashtirishga ixtisoslashgan. “KOVA” butun dunyo bo‘ylab 21 mamlakatda va 40 ta shaharda o‘z vakolatxonalariga ega. 2023-yili tashkilotda 68 nafar xodim ishlab, umumiy aylanmasi 10,8 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik shartlarini kelishib oldilar. Unga ko‘ra, “KOVA” kompaniyasi O‘zbekistonda autsorsing ofislarini ochishga qiziqish bildirgan Koreya IT-kompaniyalari bilan uchrashuvlar tashkil etishda ko‘maklashadi.

KAIT

Tashrif doirasida Koreya axborot texnologiyalarini rivojlantirish assotsiatsiyasi (KAIT) loyiha direktori Kim Von Gi bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

1987-yilda tashkil etilgan “KAIT” Koreyaning 200 dan ortiq IT-kompaniyalarini o‘z ichiga oladi va ularning xalqaro miqyosda kengayishini qo‘llab-quvvatlaydi. 2023-yilda uyushmada 121 nafar xodim faoliyat yuritib, uning aylanmasi 11,8 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Koreyadagi mutaxassislar taqchilligi sababli Koreya IT-kompaniyalarining muqobil bozorlarga chiqishga qiziqishi ortib borayotganini inobatga olgan holda IT Park bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston imkoniyatlari bilan tanishtirish maqsadida 11-sentyabr kuni Toshkentda “KAIT”, “NIPA” va Koreyaning beshta IT-kompaniyasi ishtirokida “O‘zbekiston-Koreya IT-forumi”ni o‘tkazishga kelishib oldilar. Forum qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Koreya kompaniyalarini jalb etishda dastlabki qadam bo‘ladi.

Koreyalik investorlarni jalb qilish nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratadi, balki o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini ham oshiradi. Ayni paytda mamlakatimizda koreys tilini biladigan 102 000 dan ortiq kishi borligini hisobga olsak, O‘zbekiston Koreyaning IT-biznes vakillari uchun eng jozibador markazlardan biri hisoblanadi.

Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning xalqaro miqyosda talab yuqori bo‘lgan Markaziy Osiyodagi yetakchi IT-habga aylanishini tezlashtiradi va mamlakatning iqtisodiy o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

2024-09-04