IT Park Uzbekistan kreativ sanoatlar sohasida Air Media-Tech bilan strategik hamkorlikni oʻrganmoqda

IT Park Uzbekistan inflyuenserlar iqtisodiyotining global yetakchisi boʻlgan “Air Media-Tech” kompaniyasi vakillari bilan kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va mahalliy kontent yaratuvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv oʻtkazdi. “Air Media-Tech” delegatsiyasi tarkibiga raqamli media sohasida tajribali tadbirkor Stepan Mixaylov; “Checkme.digital” bosh direktori va “Air Media-Tech” kompaniyasining Oʻzbekistondagi boʻlajak bosh direktori Devid Rost; shuningdek, “Checkme.digital” hammuassisi va operatsion direktori Iren Gross kirdi. IT Park Uzbekistan delegatsiyasiga xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻyicha direktor Mahliyo Muksinova va global marketing boʻyicha direktor Jamila Xalibaeva boshchilik qildi.

“Air Media-Tech” inflyuenserlar iqtisodiyotida jahon yetakchisi va “YouTube”ning eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanib, oyiga 20 milliarddan ortiq koʻrishlar bilan global reytingda yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Kompaniya 40 mamlakatdan 3000 dan ortiq bloger bilan hamkorlik qiladi va kreativ sohalar uchun raqamli media sohasida peshqadam sifatida nom qozongan. “Air Media-Tech”, shuningdek, EdTech, FinTech va blokcheyn kabi ilgʻor texnologiyalarni faol rivojlantirmoqda. Kompaniya faoliyati Sharqiy Yevropa, Kanada va MDH mamlakatlarini qamrab olib, bu hududlarda raqamli muhitdagi innovatsiyalarga hissa qoʻshmoqda.

Muhokamaning asosiy mavzusi “Air Media-Tech” kompaniyasining Oʻzbekistonda faoliyatini kengaytirishga boʻlgan qiziqishi, jumladan, kompaniyaning 30 dan ortiq IT-mahsulotlariga texnik yordam koʻrsatadigan ofis ochish imkoniyati, shuningdek, mamlakatda “YouTube” kontentini rivojlantirish masalasi boʻldi. “Air Media-Tech” mahalliy kontent yaratuvchilari bilan bevosita ishlash orqali oʻzbek raqamli kontentining sifati va global qamrovini oshirish, mamlakatning kreativ iqtisodiyot sohasidagi mintaqaviy yetakchi mavqeyini mustahkamlashni maqsad qilgan.

IT Park Uzbekistan bilan muzokaralardan soʻng “Air Media-Tech” vakillari Raqamli texnologiyalar vaziri bilan uchrashdi, shuningdek, Oʻzbekistonning raqamli infratuzilmasi va texnologik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish uchun “Uzinfocom” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarga kreativ industriyalar sohasida biznes yuritish uchun qulay sharoitlar, jumladan, innovatsiyalar va oʻsishni qoʻllab-quvvatlash uchun ragʻbatlantiruvchi imtiyozlar va resurslar namoyish etildi.

Ushbu potensial hamkorlik Oʻzbekistonning texnologik va kreativ ekotizimini rivojlantirishda muhim qadam boʻlib, IT Park Uzbekistanʼning innovatsiyalarni rivojlantirishga yordam beradigan xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyishdagi rolini taʼkidlaydi. “Air Media-Tech” kompaniyasining global taʼsiri va tajribasi tufayli bu hamkorlik mahalliy isteʼdodlarni rivojlantirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va Oʻzbekistonning raqamli hamda kreativ sektorlarida iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

2024-11-16