IT Park Uzbekistan Moʻgʻuliston texnologik yetakchilari bilan strategik uchrashuvlar oʻtkazmoqda

IT Park vakillari Moʻgʻulistondagi yirik IT-tashkilotlar – “MStars Hub”, “Chimege Systems” va “Kite Mongolia” kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazishdi. Mazkur uchrashuvlar ikki mamlakat oʻrtasidagi mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va texnologik taraqqiyot yoʻlidagi qoʻshimcha qadam hisoblanadi.

“MStars Center” kompaniyasi prezidenti janob Davaayamts bilan oʻtkazilgan uchrashuvda har ikki mamlakatdagi startap sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

“MStars Hub” Moʻgʻulistondagi eng yirik akseleratsiya dasturi boʻlib, boshlangʻich bosqichdagi startaplarga oʻz mahsulotlarini mahalliy va global bozorlarda kengaytirish va rivojlantirishga yordam koʻmaklashadi.

Oʻzbekiston startaplarini Moʻgʻuliston korporatsiyalariga integratsiya qilish, Moʻgʻuliston va Oʻzbekiston oʻrtasida tajriba almashish va startap-mahsulotlar, shuningdek, startaplarga oʻzaro sarmoya kiritish masalalari muhokamaning asosiy mavzulariga aylandi. Har ikki mamlakatning birgalikdagi saʼy-harakatlari startap ekotizimini jadal rivojlantirish va sarmoyalarni jalb qilishga xizmat qilmoqda.

Yana bir uchrashuv “Chimege Systems” kompaniyasi bosh direktori Badral Sanlig bilan boʻlib oʻtdi. 

“Chimege” — moʻgʻul, qozoq va qirgʻiz kabi tillar uchun nutqni avtomatik aniqlash va tabiiy ovoz sintezini taʼminlovchi dunyodagi birinchi texnologiya. Ushbu mahsulot yaratuvchilari yuqori aniqlikdagi nutqni aniqlash mexanizmlari va TTS-yechimlarini joriy qilmoqdalar.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlarida sunʼiy intellektga asoslangan til texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, Oʻzbekistonda ofis ochish masalalari muhokama qilindi. “Voicy” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillariga Oʻzbekistonning startap salohiyati, innovatsion loyihalarni mamlakatimiz ichida va xorijga eksport qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar taqdim etildi. Xususan, “Chimege Systems” kompaniyasi direktori Badral Sanlig Oʻzbekistonda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini qoʻllab-quvvatlash borasida erishilayotgan yutuqlar, startaplarni jahon miqyosida ilgari surish boʻyicha mavjud dasturlarni yuksak baholadi.

Bundan tashqari, delegatsiya “Kite Mongolia” kompaniyasi bosh direktori Tsendgeldui Bold xonim bilan uchrashdi.

“Kite Mongolia” startap ekotizimlarini rivojlantirish, yoshlar tadbirkorligini ragʻbatlantirish hamda tadbirkorlar va startaplarga barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan mahsulotlar yaratishda yordam berishda faol ishtirok etadi. 

Tomonlar har ikki davlatning startap muhitini yaxshilash va tashqi bozorlarga chiqishda oʻzaro yordam koʻrsatish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga kelishib oldilar. 24-iyul kuni “Global Business Services Forum” tadbiri doirasida ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanadi. Shartnoma har ikki mamlakatda dinamik startap ekotizimini rivojlantirishga hissa qoʻshishi kutilmoqda. Jumladan, joriy yilning sentabr oyida har ikki tashkilotning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan “She Loves Tech Global Competition – 2024 – Central Asia” tadbiri tashkil etiladi.

Oʻzbekiston va Moʻgʻulistonning IT-sohalari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari mamlakatlardagi startaplarni xalqaro miqyosda sezilarli darajada ilgari surish, venchur investitsiyalari va biznes farishtalarni jalb etishga yordam beradi.

2024-06-20