Toshkentda moliya sektori, davlat xizmatlari va IT-sanoatning raqamli transformatsiyasiga bag‘ishlangan mintaqadagi eng yirik tadbirlardan biri — “Digital Uzbekistan 2025” PLAS-Forumi yakuniga yetdi. IT Park Uzbekistan vakili Sevara Hidoyatova texnopark ekotizimining imkoniyatlari va afzalliklarini taqdim etdi.
“Digital Uzbekistan” PLAS-Forumi raqamlashtirish, davlat tuzilmalari, moliya sektori, chakana savdo, IT va telekommunikatsiya sanoatining o‘zaro hamkorligi kabi muhim masalalarga bag‘ishlangan. Uning strategik vazifalari orasida O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berish, xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi istiqbolli keng ko‘lamli loyihalarni ishlab chiqish ham bor. Forumda 40 mamlakatdan 2600 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan, banklar, fintech kompaniyalari, IT-klasterlar, investorlar va tartibga soluvchi organlar vakillari qatnashdi.
Forum ishtirokchilari oldida so‘zga chiqqan Sevara Hidoyatova IT Park ekotizimi, uning O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va “Raqamli O‘zbekiston – 2030” konsepsiyasi doirasidagi strategik tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
U o‘z nutqida IT Park Uzbekistan’ning so‘nggi yillardagi asosiy yutuqlarini yoritib, rezidentlar soni 2025-yilga kelib 2800 dan oshganini ta’kidladi. Shuningdek, u butun O‘zbekiston bo‘ylab 14 ta filialdan iborat rivojlangan infratuzilma haqida ma’lumot berdi.
Rezidentlarga nafaqat IT yo‘nalishida, balki raqamli xizmatlar sohasida ham soliq va ma’muriy imtiyozlar taqdim etishni o‘z ichiga olgan muvaffaqiyatli eksport markazi modeliga alohida e’tibor qaratildi.
IT Park Uzbekistan’ning “PLAS-Forum 2025”dagi ishtiroki O‘zbekistonning ochiq muloqotga, xalqaro aloqalarni mustahkamlashga va keng ko‘lamli raqamli transformatsiyaga intilishini namoyon etdi. IT Park Uzbekistan tajribasi va imkoniyatlarini bunday nufuzli platformalarda taqdim etish global hamkorlikni kengaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va milliy IT-kompaniyalarni jahon miqyosida ilgari surishga yordam beradi.
2025-06-02